Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Andijondagi muammo hali ham yechim topmagan. Maktab sport maydoni taqdiri Oliy sudda qolmoqda

Andijondagi muammo hali ham yechim topmagan. Maktab sport maydoni taqdiri Oliy sudda qolmoqda

Foto: «Xabar.uz»

Xabar.uz nashri o‘tgan yilning 3 dekabr sanasida bir guruh ota-onalar murojaati ortidan Andijon viloyati Paxtaobod tumani 13-maktabning sport maydoni noqonuniy sotib yuborilganini yoritgan edi.

Buzilishlar ortidan maktabda jismoniy tarbiya va sport to‘garaklari faoliyati to‘xtab qolgan.

Holat e’lon qilinganidan keyin qator bloger va jamoatchilik faollari, xususan Aziza Qurbonova, Shahnoza Saotova, Isroil Tillaboyev va Bahodir Ahmedovlar ham ijtimoiy tarmoqlarida muammoga munosabat bildirishgandi.

Shundan keyin, Andijon viloyati hokimligi matbuot xizmati holat hokimlik tomonidan nazoratga olinganini ma’lum qilgandi.

«Ishchi guruh tuzildi va o‘rganish ishlari olib borilmoqda. O‘rganish davomida qonun buzilish holatlariga chek qo‘yilib sud qaroriga asosan qurilishi tugallanmagan binoni buzish choralari ko‘rilmoqda», — deyilgan munosabatda.

Joriy yilning mart oyida ham maktab jamoasi va o‘quvchilar ota-onalari tahririyatimizga qayta murojaat yo‘llab, 3 oydan ortiq vaqt o‘tganiga qaramasdan hech qanday ijobiy o‘zgarish bo‘lmagani, shu bo‘yi ish bosdi-bosdi bo‘lib ketishidan xavotirda ekanliklarini bildirishgandi.

Shundan so‘ng, Paxtaobod tumani hokimligi matbuot xizmati bir oy muddatda qurilishi tugallanmagan bino majburiy ijro organlari tomonidan buzilishi ta’minlanishi ta’kidlab chiqqandi.

«T.M.ning g‘oliblik bayonnomasini bekor qilish bo‘yicha Izboskan tumanlararo fuqarolik sudiga tuman Xalq ta’limi bo‘limi tomonidan 2023 yil 9 yanvarda da’vo ariza bilan murojaat qilingan. Sud tomonidan 2023 yil 15 mart kuni ish mazmunan ko‘rib chiqilib, da’vo qanoatlantirildi.

Sud qarori qonuniy kuchga kirgandan so‘ng bir oy muddatda  tadbirkor tomonidan qurilmalarni o‘z hisobidan buzib olinmagan taqdirda, majburiy ijro organlari tomonidan buzilishi ta’minlanadi», – deyilgandi munosabatda.

Yangi tafsilotlarga ko‘ra, T.M.ning ishonchli vakili J.A. Oliy sudga 4 aprel sanasida kassatsiya shikoyati bilan murojaat qilgan. Natijada ish Oliy sudning ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan 2023 yilning 28 aprel 9:30 da Oliy sud binosida ko‘rib chiqilishi belgilangan.

Biroq, mazkur sanada sud majlisi o‘tkazilmagan. Oliy sud bilan bog‘lanilganda ish keyinroqqa qoldirilgani ma’lum qilingan.

Murojaatchilarning ta’kidlashicha, maktab sport maydoni masalasi qariyb bir yildan beri ijobiy yechim topmayotgani, Oliy sudda 28 aprel sanasida tayinlangan sud majlisi qoldirilishi maktab jamoasi va mahalla ahlida turli salbiy muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Ota-onalar Oliy sud adolatli hukm chiqarishi, xususan maktab sport maydoni o‘quvchilarga tezroq qaytarilishini so‘rashmoqda.

Xabar.uz jarayonlarni kuzatib boradi. Holat yuzasidan Oliy sud va Maktab va maktabgacha ta’lim vazirligidan izoh kutamiz.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring