Andijonda zo‘ravon IIB xodimlarining «ishi» bo‘yicha sud boshlandi
Shu yilning may oyida o‘g‘rilikda gumon qilingan fuqaro A. Abdukarimov Andijon shahar IIO FMB 4-sonli ichki ishlar bo‘limining bir necha nafar xodimlari tomonidan qiynoqqa solinishi oqibatida vafot etganidan xabaringiz bor. Katta shov-shuvga sabab bo‘lgan mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, tergov harakatlari Bosh prokurorning shaxsiy nazorati ostida markaziy mahkamaning O‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi ish yurituviga olingani-yu yaqinda «ish» sudga oshirilganidan ham boxabar etgan edik.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmati ma’lum qilishicha, bugundan mazkur jinoyat ishi bo‘yicha sud jarayoni boshlandi. Jinoyat ishi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasi O. Arabov raisligida hamda sudyalar Z. Fayziyev va Sh. Rajabovdan iborat sud tarkibida ko‘rilmoqda.
Sudlanuvchilar D. Hamraliyev, Q. Qodirov, E. Rayimjonov, F. Husanboyev, P. Mamajonov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 3-qismi «d» bandi, 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 1-qismi, 227-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish) 2-qismi «b» bandi, 234-moddasi (qonunga xilof ravishda ushlab turish yoki hibsga olish) 1-qismi va 235-moddasi (qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayri insoniy yoki qadr-qimmatini kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash) 3-qismida, A. To‘raqulov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 206-moddasi 1-qismi, 234-moddasi 1-qismi va 227-moddasi 2-qismi «b» bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqdalar.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter