Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Andijonda soxta «zagranpasport» tayyorlagan IIB xodimi sud qilindi

Andijonda soxta «zagranpasport» tayyorlagan IIB xodimi sud qilindi

Foto: Xabar.uz

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘rg‘ontepa sudi tomonidan o‘ndan ortiq fuqaroga soxta xorijga chiqish pasporti tayyorlab bergan sobiq ichki ishlar xodimiga sud hukmi o‘qildi. Bu haqda Andijon viloyat sudiga tayanib «Daryo» xabar berdi.

Aniqlanishicha, Xo‘jaobod tumanida yashovchi A.X. 2017-yilning avgust oyidan 2021-yilning fevraliga qadar Xonobod shahar ichki ishlar bo‘limi migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish guruhi inspektori hamda Qo‘rg‘ontepa tuman IIB huzuridagi 13-, 15-son ichki ishlar bo‘linmalari migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish guruhi inspektori lavozimida ishlagan.

Faoliyati davomida zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni bajarmasdan, mansab vakolatlaridan foydalanib, xorijiy davlatlarning milliy qonunchiligida belgilangan qoidalarni buzgani uchun ushbu davlatlardan chiqarib yuborilgan (deport qilingan) va muayyan muddatga kirishi taqiqlangan O‘zbekiston fuqarolariga boshqa shaxslarga tegishli biometrik pasport ma’lumotlaridan foydalangan holda soxta xorijga chiqish pasportlarini tayyorlab bergan.

A.X. dastlab 2019-yilning oktyabr oyida Asaka tumanida xizmat safarida bo‘lgan paytda jinoiy sherigi M.M. orqali tanishgan X.X. ga «O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijga chiqish tartibi to‘g‘risida»gi nizom talablariga zid ravishda uning nomiga soxta xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirib bergan.

Shuningdek, u 2020—2021-yillar davomida fuqarolar Sh.S., I.T., D.X., G.Q., J.N., M.O‘., X.B., N.B., A.N. hamda M.I.ga boshqa hamkasblarining login-parollari orqali kompyuter bazasidagi «Zagran» dasturiga boshqa fuqarolarning ma’lumotlarini kiritish yo‘li bilan soxta «zagranpasport»lar tayyorlab bergan.

«Harakatlarim qonunga zid ekanini yaxshi bilgan bo‘lsam-da, eng avvalo nafsimni jilovlay olmasdan, shuningdek, tanishim M.M. bilan o‘sha paytdagi munosabatlari samimiy bo‘lgani va uning qattiq iltimos qilgani uchun ham yuqoridagi fuqarolar nomiga soxta xorijga chiqish biometrik pasportlarni tayyorlab berdim.

Buning uchun hech qanday pul yoki mulk ko‘rinishida manfaatdor bo‘lmaganman. M.M. nima sababdan yuqoridagi fuqarolarga soxta pasport tayyorlab berganim uchun turli miqdorda pul mablag‘lari bergani to‘g‘risida ko‘rsatuvlar berayotganini tushunmayapman. U ko‘rsatuvlari orqali menga tuhmat qilmoqda. Yuqorida nomiga aytib o‘tilgan fuqarolar bilan faqatgina ular suratga tushish uchun kelishgan paytda ko‘rishganman. Ularning barchasi M.M. va A.N.lar orqali kelgan. Qolgan vaqtlarda ular bilan umuman ko‘rishmaganman. Harakatlarim viloyat IIB tomonidan aniqlangandan so‘ng, ushbu holat yuzasidan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi yakuni bo‘yicha ishdan bo‘shatildim. Shuning o‘zi men uchun og‘ir jazo hisoblanadi», — deydi sudlanuvchi.

A.X.ni Jinoyat kodeksining 205-moddasining (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) 1-qismi va 209-moddasining (mansab soxtakorligi) 2-qismi «a» bandi bilan aybli deb topilgan. Unga nisbatan uch yil muddatga ichki ishlar idoralari tizimida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda uzil-kesil o‘tash uchun 10 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlagan.

Shuningdek, sudlanuvchi zimmasiga ommaviy va boshqa tadbirlar o‘tkazishda ishtirok etmaslik, mahkumlarni nazorat qiluvchi organning roziligisiz yashash joyini o‘zgartirmaslik, aloqa vositalaridan, shu jumladan Internetdan foydalanmaslik, alkogolli ichimliklar iste’mol qilmaslik kabi qo‘shimcha taqiqlar yuklangan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring