Advokatura sohasida yaxshi yangiliklar bor
Nihoyat «Advokatura institutini yanada takomillashtirish va advokatlar maqomini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Bu haqda Davletovuz kanalida xabar berilgan.
Unga muvofiq, oxirgi bahs-munozaralardan so‘ng advokat jinoyat ishiga gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchi sifatida jalb qilingan taqdirda sudning sanksiyasi asosida amalga oshiriladi. Bunda advokatning uy-joyida, xizmat xonalarida, transport vositalarida tintuv o‘tkazish, ko‘zdan kechirish Advokatlar palatasi vakilining ishtirokida o‘tkaziladi.
2020 yil 1 sentyabrdan advokat bo‘lishni istagan shaxslar uchun advokatlik tuzilmalarida majburiy uch oylik stajirovka muddati saqlangan holda yuridik mutaxassislik bo‘yicha ikki yillik ish tajribasiga ega bo‘lish to‘g‘risidagi talab bekor qilinadi.
Advokat so‘roviga advokat orderi nusxasini ilova qilish to‘g‘risidagi talab hamda so‘rovda advokatlik sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni kiritish to‘g‘risidagi talab bekor qilinadi hamda bir vaqtning o‘zida so‘rovga advokat guvohnomasining ma’lumotlarini kiritish talabi joriy qilinadi.
Adliya organlarining advokatlik tuzilmalari tomonidan ta’sis hujjatlariga, ustav faoliyatiga, ro‘yxatga olish, qayta tashkil etish va tugatish tartibiga rioya etishi ustidan nazoratni amalga oshirish vakolatlari, shu jumladan, ro‘yxatga olish tartibini buzganlik va advokatlik tuzilmalarining ta’sis hujjatlari talablariga rioya etmaganliklari uchun jarimalar undirish bo‘yicha vakolatlari bekor qilinadi.
Advokat sudlar, boshqa barcha huquqni muhofaza qiluvchi organlar, davlat va nodavlat organlari, muassasalari va tashkilotlari binolariga ish vaqtida o‘zining kasbiy faoliyatini amalga oshirishidagi zaruriyat sababli hech bir to‘sqinliksiz (faqat advokat guvohnomasini taqdim etish bilan) kirish huquqiga ega.
Advokat o‘z kasbiy faoliyatini amalga oshirishi uchun zarur bo‘lgan kompyuter, elektron, mobil va boshqa aloqa qurilmalarini hamda texnika vositalarini sudlar, boshqa barcha huquqni muhofaza qiluvchi organlar, davlat va nodavlat organlari, muassasalari, tashkilotlari binolariga to‘sqinliksiz olib kirish huquqiga ega.
Yaxshi gaplar ko‘p, xullas.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter