Advokatga pichoq bilan hamla qilgan shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi — Bosh prokuratura
Quyi Chirchiq tumanidagi «Haqiqat izlab» advokatlik firmasi advokati Rustam Djumanovga o‘z xizmat vazifasini bajarayotgan paytida pichoq bilan hamla qilinib, tan jarohati yetkazilgani xabar qilingandi.
Mazkur xabarga nisbatan Bosh prokuratura munosabat bildirdi. Mahkama matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinovning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, 2020-yil 3-mart kuni «Haqiqat izlab» advokatlik byurosi advokati R.Djumanov tumani prokuraturasiga ariza bilan murojaat qilib, unda shu yilning 2 mart kuni o‘z xonasida o‘tirgan vaqtida fuqaro U. J. kelib «sen nima uchun nazorat tartibidagi ishga shikoyat yozasan, sen aroq ichib olgansan» deb, pichoq bilan qo‘rqitgani, (pichoqni) to‘sib olmoqchi bo‘lgan paytda qo‘li va yuz qismiga tan jarohati yetganini vaj qilib, unga (U.J.ga) nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Mazkur holat bo‘yicha tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilib, fuqaro U. J.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 112-moddasi («O‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish») 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Hozirda ushbu jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter