Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Advokat: «Yana bir sabotaj. Prezident topshirig‘i nega qarorda o‘zgartirildi?»

Advokat: «Yana bir sabotaj. Prezident topshirig‘i nega qarorda o‘zgartirildi?»

Kuni kecha, 3-sentyabrda «Sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» Prezident qarori qabul qilindi. Advokat Usmonxon Salohiddinov «Advokatnews.uz» saytida ushbu qarorga munosabat bildirdi.

Men bu hujjatni kutayotgan edim. Nafaqat men, barcha advokatlar kutayotgandik. Ayniqsa, bir bandini. Odil sudlov tizimini shakllantirish uchun nihoyatda zarur bo‘lgan o‘zgarishni. Joriy yilning 30 iyun kuni o‘tkazilgan videoselektorda Prezidentning o‘zi bu borada alohida topshiriq ham bergandi.

Gap — sud majlislarining majburiy tartibda audio qayd qilinishi haqida. Ya’ni, o‘sha topshiriq bo‘yicha, kelgusi yildan sudning audiobayonnoma yuritishi majburiy amaliyotga aylantirilishi kerak edi.

Biroq, ne ko‘z bilan ko‘rayki, Qarorda ushbu modda o‘sha, o‘tda yonmas, suvda cho‘kmas «formulirovka»da, «sug‘urta» shartlar bilan bayon qilingandi. Ya’ni:

2021-yil 1-yanvardan sudlarda sud majlisi taraflarning iltimosnomasi va raislik qiluvchining roziligi bilan audioyozuvdan foydalangan holda qayd etib borilar hamda sud majlisi bayonnomalari ushbu tizimdan foydalangan holda shakllantirilar ekan.

Juda tanish jumlalar, shunday emasmi?..

Hech nima o‘zgarmayapti. Amaldagi Jinoyat-protsessual kodeksning 19-moddasi bilan 1994-yildayoq belgilangan va 2018-yilda bir oz tahrirlangan tartib shundayligicha Prezident qaroriga ko‘chirilibdi xolos!

Sud majlisida hozir bo‘lganlar (birinchi navbatda OAV vakillari hamda sudlashayotgan tomonlar) uchun iltimosnoma kiritish va raisning roziligini olish shart qilib qo‘yilishi unchalik katta fojia emas, deb o‘ylayman. (Ayniqsa, sud tizimimiz ochiqlik sari imillab va bazo‘r qadam tashlayotgani inobatga olinsa). Ammo jarayonning kelgusida tor doiradagi shaxslar (ikki tarafning advokatlari, prokuror, sudya) foydalanishi uchun majburiy tartibda audioga qayd qilishga o‘tish jamiyatimizning o‘tkir ehtiyoji edi!

Yangi O‘zbekistonning sud tizimi uchun adolat va qonuniylikni ta’minlash yo‘lida oldinga katta qadam bo‘lur edi bu!

O‘tgan yili ishlab chiqilgan sud jarayonlarini TV, radio va internetda ochiq translyasiya qilishni yo‘lga qo‘yish to‘g‘risidagi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yo‘laklarida qolib ketdi. Azamat deputatlarimiz daf’atan hushyor tortib, «insonning shaxsiy hayot daxlsizligiga zid normalar bor» degan bahona bilan loyihani yaroqsizga chiqarishdi va o‘shandan beri hujjatning taqdiri haqida lom-mim deyilmayapti. Ko‘p hamkasblar o‘sha loyihaning qonun shakliga kirishidan umid uzib bo‘lgan ham...

Lekin loaqal audiobayonnomani majburiy qilish mumkin-ku? Videoqaydnomadan farqli o‘laroq, bunga katta mablag‘ kerak bo‘lmaydi. Xohish kerak xolos.

Audiobayonnoma yuritilishi yo‘lga qo‘yilsa, qanchadan-qancha protsessual qoidabuzarliklar, kelishmovchiliklar barham topishini, sudya va prokurorlar hushyor tortib, xolis va betaraf bo‘lishga intilishini, korrupsiya omillari keskin kamayib, sud-huquq tizimimiz chandon tozalanishini aytmasam ham bilasiz.

Prezident Shavkat Mirziyoyev aynan shularni nazarda tutib sud majlislarini audioyozuvdan foydalangan holda majburiy qayd etish tizimini joriy etishni yil yakunigacha majburiy tartibda amalga oshirish to‘g‘risida topshiriq bergan edilar.

Biz advokatlar esa, bir nafas tin olib, Prezidentimizning bu tashabbusini qarsaklar bilan qarshi olgan edik.

O‘sha videoselektorda Chiroqchi va Andijonda yuz bergan mash’um voqealar (beayb fuqarolarning ichki ishlar xodimlari tomonidan shafqatsizlarcha qiynoqqa solinishi va o‘ldirilishi) to‘g‘risida hammadan ko‘ra samimiy kuyunib gapirgan Prezident, O‘zbekistonda yangi jamiyat barpo etishga bel bog‘lagan davlat rahbari so‘zidan qaytganiga shaxsan men ishonmayman.

Bu shunchaki SABOTAJ!

Prezident boshlagan islohotlarni chippakka chiqarish maqsadida eski tuzumdan qolgan dogmatik aqidali turfa mansabdorlar tomonidan amalga oshirilgan navbatdagi fitna deb o‘ylayman.

Sabotajchilarni qaror loyihasini tayyorlagan idora(lar)dan izlash kerak.

Va albatta, shu kabi holatlarning oldini olish uchun ham, sud-huquq sohasiga doir barcha normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish jarayoniga advokatlar hamjamiyati vakillari keng jalb qilinishi lozim, – deb yozadi advokat.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring