Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Advokat mijozini IIB binosidan qidirib yuribdi. Mas’ullar jim! Ajab...

Advokat mijozini IIB binosidan qidirib yuribdi. Mas’ullar jim! Ajab...

Foto: «Advokat» jurnali

Hali Farg‘onadagi mojaroning hovuri pasaymay, Namangandan xabar keldi. U yerda ham advokat o‘z himoyasidagi shaxsni IIBdan qidirib yuribdi...

Namangan shahridagi «SOLIDAITY» advokatlik hay’ati advokati Laziza To‘xtamurodovaning aytishicha, u besh kundan beri noma’lum sabablarga ko‘ra ushlab turilgan himoyasidagi shaxs bilan uchrashish maqsadida kecha — 27 fevral kuni Pop tuman IIBga borib, advokatlik orderi va tegishli hujjatlarni taqdim etgan. Ammo qo‘riqlash bo‘limining 1-postida unga bunaqa fuqaro ro‘yxatda yo‘qligini aytishadi. Navbatchilik qismida ham shu javobni oladi.

Shundan so‘ng advokat o‘zini «Sardor» deb tanishtirgan xodim qidirilayotgan fuqaroning onasiga qo‘ng‘iroq qilib, o‘g‘li shu yerdaligini (ya’ni, Pop tumani IIB binosida) aytgani haqida gapirib, rahbariyat bilan uchrashtirishlarini talab qiladi. Bunga javoban unga IIB boshlig‘i ham, o‘rinbosari ham yo‘qligini ta’kid etishib, kutib tursa «Umidjon» degan yana bir o‘rinbosar qabul qilishini  bildirishadi.

— Bir soat tashqarida — yomg‘irda turdim, havo sovuq, — deydi advokat. —Qarasam hech nima o‘zgarmaydigandek. Keyin men ularga: «Tushunmadim, nega men bu yerda turibman? Fuqarolar-ku, mayli, men advokatmanku, nega qabul qilmayapti?» desam, menga: «Ana, o‘tib ketdiku?» deyishdi (sal oldinroq formadagi odam o‘tib ketgandi oldimdan)...

O‘sha shaxs mashinasiga o‘tirayotgan edi, chopib borib, avtoulovining oynasini taqillatdim: «Men Tuxtamurodova Lazizaman, advokatman. Sizning oldingizga kelgandim, bitta shaxs kerak edi. Menga yo‘q deyishyapti, shu yerdan telefon bo‘lgandi», dedim. U esa menga selektorga borishi kerakligini iddao ohangida aytdi-yu ke-yetdi...

Yana IIB binosi ostonasiga qaytib, rahbariyatdan kim bor-yo‘qligi va qaysi mansabdor bilan uchrashishim lozimligini takror so‘radim.

Yana kutib turishim aytildi. Yana bir soat vaqtim havoga sovurildi (kameralar hammasini yozgandir?).

Nihoyat, «Ichki ishlar vazirligiga shikoyat qilaman», deganimdan so‘ng meni tergov bo‘limi boshlig‘i qabul qilishini aytishdi. Ravshanjon degan odam ekan (familiyasi Abdurahimov menimcha).

Tegishli xona yo‘lakchasida yana 15 daqiqa kutishimga to‘g‘ri keldi. Nihoyat, mas’ul xodim bilan ko‘rishib, besh kundan beri himoyamdagi shaxs qaysi qonuniy asosga ko‘ra ushlab turilgani haqida  yozma murojaat topshirib, unga order nusxasini ilova qildim. Va murojaatning bir nusxasiga qabul qilgani haqida imzo qo‘yib berishini so‘radim. U bo‘lsa: «Yo‘q, men qilolmayman, boshliqlardan so‘rashim kerak!» desa bo‘ladimi?!

Shu tariqa kech  tushdi, peshindan beri urinishlarim natija bersa, qani?!

Xonaga IIB xodimlarining biri kirib, biri chiqadi. Aniq gap yo‘q...

Birdan qo‘l telefonim jiringladi. Qo‘ng‘iroq qilayotgan Namangan viloyati IIBdan ekan. O‘zini tergov bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari ekanini aytgan shaxs: «Laziza... bizning ishimiz (jinoyatimiz) ochilay deb turibdi, bizga xalaqit bermay turing» dedi. Tushunmadim, men nima qilib xalaqit beryapman?

Telefondagi mas’ul «ishni surdi-surdi qilmay turishim»ni so‘radi. Men unga: «Men mijozimni ko‘ray, ahvoli bilay, uni nima asosida ushlab turganinglarni aytinglar», dedim.

Yana aniq gap yo‘q. Suhbat uzildi.

Tergov bo‘limi boshlig‘ining xonasida o‘tira-o‘tira (meni xonada yolg‘iz qoldirib chiqib ketishgandi) tashqariga chaqsam, hech kim yo‘q: hammasi berkinib olganday go‘yo....

Noiloj,  uchinchi qavatga chiqdim. Chiqsam, hammasi pitir-pitir qildi deng. Nazarimda, men  qidirayotgan shaxs shu yerda-yu, uni qaysidir xonaga yashirishayotgandek...  Shu payt bir xodim menga qarab «bu kishi adashib qolibdi-ku», dedi odamning ustidan kulgandek qilib.

Hech kim churq etmadi.

Tuman IIB binosidan chiqib, prokuraturaga bordim. «Hammasi IIB binosidagi kameraga yozilgan bo‘lishi kerak, tasvirlarni ko‘tarib, masalani qonuniy hal qilib berishingizni so‘rayman», deb ahvolni bayon qilgancha shikoyat yozdim. Lekin prokuror ham, o‘rinbosari ham yo‘q ekan. Shikoyatimni yordamchi prokuror olib, «ko‘rib chiqamiz» dedi quruqqina. Men unga «Bu tezda ko‘riladigan  masala, chunki, bir fuqaro besh kundan beri ushlab turilibdi!» dedim. «Prokuror yo‘q, kelsa maslahatlashamiz», dedi u...».

Advokatning qo‘shimcha qilishicha, tuman IIB binosi yonida fuqaroning onasi bilan ko‘rishgan. Onaizor bir necha kundan beri shu yerda o‘tirganini aytib, jumladan shunday degan: «Bitta gap aytishmaydi, yig‘layverganimdan nihoyat, bugun — soat 10 da o‘g‘limning oldiga olib kirishdi (uning ichkariga kirgani tegishli jurnalga qayd etilgan bo‘lsa kerak, qolaversa, kamera ham  ishlab turibdi, tasvirga tushgan bo‘lishi lozim — advokat izohi). Oltinchi qavatga ko‘tarilganda chap tomonda zal bor ekan. O‘g‘limni ko‘rdim: kiyimlari yirtilib ketgan, o‘zi bir ahvolda, kaltaklangani ehtimoli yuqori... Bolam yerga qarab, qaltirab turibdi! «Bo‘pti onajon!» deb yig‘ladi, xolos. Boshqa gap aytmadi. Xodimlar esa «Mana, o‘g‘lingiz tirik, o‘lgani yo‘q. Aybi yo‘q bo‘lsa, qo‘yib yuboramiz» dedi».

Manbamizning ma’lum qilishicha, O‘zbekiston advokatlar Palatasi va uning Namangan viloyat hududiy boshqarmasi ayni holatni nazoratiga olib, tegishli choralar ko‘rishga kirishgan.

Voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz...

P.S. Darvoqe, advokat ichki ishlar bo‘limidagi kameralarning 27 fevraldagi yozuvlari qasddan o‘chirib yuborilishidan xavotirda bo‘lib, shu masalani ham eslatib o‘tishimizni iltimos qildi. Mana, biz eslatdik, qolgani mutasaddilarga tan. Agar tasvirlarni xohlagan paytda o‘chirib yuboraverish mumkin bo‘lsa,  videokameralar o‘rnatilishidan mantiq ham yo‘q, aslida...

(«Advokat» jurnali va
«Xabar.uz» portali qo‘shma loyihasi doirasida tayyorlandi)

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring