Adliya vazirligida kompyuterlar nima uchun o‘chirilmoqda?
Ko‘plab mamlakatlarda, jumladan xususiy tashkilotlarda uzoq ish rejimida ishlash muammosi mavjud. Hammaga ma’lum, Yaponiya, Janubiy Koreya, MDH davlatlari va boshqalarda shu kabi muammolar insonlar hayotiga salbiy ta’sir qilayotgani yuzasidan ko‘plab ma’lumotlar va izlanishlar bor. O‘zbekistonda ham ish vaqti muammosi mavjudligi sir emas, albatta.
Kuzatishlarga ko‘ra, ortiqcha ishlash qisqa muddatli rejalar uchun qandaydir xizmat qilsa ham, yuqori natijali samarali mehnat va sermazmun hayot faoliyatini yo‘lga qo‘yish yo‘lida, shuningdek katta strategik maqsadlar uchun salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Xususan:
— xodimlarning mehnat unumdorligi pasayishiga;
— ish vaqtining noto‘g‘ri rejalashtirilishiga;
— energiya resurslarning ortiqcha sarf bo‘lishiga;
— xodimning oilaviy muammolarga duch kelishiga va ijtimoiy ko‘nikmalariga salbiy ta’sir qilishiga olib keladi.
Shu sababli yuqoridagi muammolarni inobatga olib, xorij tajribasini o‘rgangan holda, Adliya vazirligi mehnat unumdorligini oshirish maqsadida kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqdi.
Ushbu dasturning bitta tadbiri sifatida xodimlarni kun mobaynida o‘z faoliyatini to‘g‘ri rejalashtirish yuzasidan tushuntirishlar berilib, taym menejmentning yangi zamonaviy modellaridan foydalanish ilgari surilmoqda.
Xodimlar ish vaqti tugagandan keyin o‘z faoliyatini tugatish talab etilmoqda. Eng keskin chora sifatida esa prinsipal yondashuv asosida ish kuni oxirida barcha xodimlarning xizmat kompyuterlari avtomatik ravishda tarmoqdan uzib qo‘yilish tartibi ham kiritildi. Mazkur holatda xodim o‘z-o‘zidan ishini tugatishiga to‘g‘ri keladi.
Bundan tashqari yakshanba kuni xodimlarni ishga chiqishi taqiqlangan. Bu talabning bajarilishi qat’iy nazorat qilinmoqda. Ya’ni, xodim ko‘rsatmaga amal qilmasdan ishga kelsa ham u binoga kiritilmaydi.
Mazkur choralar natijasida xodimlar ish vaqtidan unumli foydalanishga hamda mehnat jarayonini optimal rejalashtirishga majbur bo‘lishmoqda va bu o‘z mevasini bermoqda.
O‘z vaqtida oilasi bag‘riga qaytgan, yetarlicha dam olib, pozitiv energiyaga ega bo‘lgan xodimlarning mehnat samaradorligi ortib bormoqda.
Hozirda vazirlikda kadrlar bilan ishlashning zamonaviy KPI tizimi asosida ish tashkil etilib, har bir xodimning mehnat samaradorligi individual ravishda baholab borilmoqda. Bu ham o‘z navbatida ish jarayoniga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Maqsad samarali, zamonaviy va bexato ishlash tizimiga o‘tishdan iborat.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter