Adliya vazirligi hududlardagi ayrim rahbarlarni ogohlantirdi
Ayrim hududlarda eksport ko‘rsatkichlarini oshirish maqsadida hududdagi rahbarlar eksporterlar oldida sun’iy to‘siqlarni qo‘ymoqda.
Xususan, mahsulotlarni bir hududdan ikkinchi hududga olib o‘tayotganda mansabdor shaxslar eksporterlarni agar u eksportni ushbu hududdan amalga oshirmasa hudud chegarasidan o‘tkazmayotganligi yoki tadbirkorlik sub’yektlarini eksport qilinayotgan hududda ro‘yxatdan o‘tishini talab qilish holatlari uchramoqda.
Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi mazkur holatga e’tibor qaratdi.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasining butun hududi o‘zi yaxlit bir bozor hisoblanib, tovarlar va xizmatlarning respublika bo‘yicha erkin harakati bozor iqtisodining eng asosiy tamoyillaridan biridir. Hududlarning eksport ko‘rsatkichlari o‘zgarishi mamlakatning umumiy ko‘rsatkichiga ta’sir etmaydi.
Yuqorida qayd etilgan sun’iy to‘siqlar amaldagi qonunchilik talablariga ham zid hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari butun respublika bo‘yicha bir xil qo‘llanilishi shart.
Eksport/import operatsiyalari Bojxona kodeksi va boshqa qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.
Mahsulotlarni O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish hamda ushbu hududdan olib chiqishfaqatgina O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga va xalqaro shartnomalariga muvofiqtaqiqlanishi mumkin.
Davlat organlari hamda ularning mansabdor shaxslari tadbirkorlarning faoliyatiga aralashishga haqli emas.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorida (PQ–3978-son, 17.10.2018y.) hokimlar va davlat organlarining hududiy bo‘linmalari rahbarlari meva-sabzavot mahsulotlari eksportiga eksport qiluvchining hududiy mansubligiga qarab to‘sqinlik qilganligi uchun shaxsan javobgarligi to‘g‘risida qat’iy ogohlantirildi.
Tadbirkorlik faoliyati, xususan eksportni amalga oshirish bilan bog‘liq qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan ortiqcha cheklov va talablar o‘rnatish hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish(Jinoyat kodeksining 205-moddasi) yoxud hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish (Jinoyat kodeksining 206-moddasi) deb baholanib, bunga yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslar ushbu qilmishlari uchun jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter