Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Adliya vaziri: «Bu nima degan gap? Axir bu vahshiylikku!»

Adliya vaziri: «Bu nima degan gap? Axir bu vahshiylikku!»

Foto: vazirlik axborot xizmati

Adliya vaziri Ruslanbek Davletov barcha mahalliy hokimliklarni fuqarolarning uy-joy bilan bog‘liq qonuniy huquqlarini poymol etishlariga chek qo‘yishlarini talab qildi.

Ayni damda Adliya vazirligining navbatdagi kengaytirilgan hay’at majlisida bo‘lib o‘tmoqda. Bu haqda «Xabar.uz»ga vazirlik axborot xizmati xabar berdi.

Majlisda Adliya vaziri Ruslanbek Davletov bugungi kunning eng dolzarb masalalaridan bo‘lgan joylarda uy-joylar buzilishlariga e’tiborni qaratdi. Bu masalani har bir adliya organi xodimi alohida ustuvor vazifa sifatida o‘ziga belgilab olishi zarurligi ta’kidlandi.

Adliya vazirining so‘zlariga ko‘ra, Adliya tizimi bu muammoni ko‘lami bugungi kundagidey bo‘lishidan 3 oy oldin o‘z tahlillarini va choralarini boshlagan edi. Xususan, 2019 yilning  may-iyun oylarida ko‘chmas mulk huquqini himoya qilish bo‘yicha aksiyasi o‘tkazildi. Aksiya doirasida murojaatlarni ko‘rib chiqishda 874 ta qonunbuzilish holatlari aniqlandi.

Natijada mulkdorlarning manfaatlarida 236 ta taqdimnoma, 100 ta ogohnoma, sudlarga 360 ta da’vo arizalar kiritilib, 30,3 mlrd so‘m undirib berildi. Bu natijalar albatta xamir uchidan patir yoki dengizdan bir tomchidek gap.

Majlisda butun tizimdagi xodimlar mazkur masalaga jiddiy yondashish, bu boradagi qonunbuzilishlarga qarshi chora ko‘rish, Davlat rahbarining qonun ustuvorligini ta’minlash yuzasidan berilgan topshirig‘ini amalga oshirish har bir adliya organining eng asosiy vazifasi ekanligi tushuntirildi.

Shuningdek, Ruslanbek Davletov «Mulk daxlsizligini ta’minlamasdan iqtisodiy rivojlangan davlatning o‘zi yo‘q butun dunyoda. Bu esa bizning qonunlarimizda bitilgan eng oliy normalardar biridir va barcha munosabatlar to‘laligicha tartibga solingan. Lekin amalda, ushbu tartib va qoidalar mutasaddilarning esidan chiqib ketdi. Natijada, uy-joy masalasida qonun ustuvorligiga jiddiy putur yetdi.

Bu nima degan gap? Odamlarni uyini buzib, ko‘chaga chiqarib qo‘yib kompensatsiya to‘lanmaslik, axir bu vahshiylikku. Bu hech qanday qonunchilikka to‘g‘ri kelmaydi, bu hech bir odamiylik tamoyiliga ham to‘g‘ri kelmaydi, bu O‘zbekiston tan olgan xalqaro hujjatlarga ham to‘g‘ri kelmaydi!» deya  o‘z fikrlarini bildirdi.

Hamda amaldagi xolatlar bo‘yicha so‘zini quyidagicha davom ettirdi:

«Hamma shaharlar yangidan quriladi, eskisi buziladi, obodonlashadi, bu tabiiy jarayon, barcha jamiyatlarga xos bo‘lgan holat. Lekin, XXI asrda yashayotgan sivilizatsion jamiyat sifatida barcha harakatlar uchun QONUN eng asosiy mezon bo‘lishi kerak, odamlar huquqlarini poymol qilish evaziga, qonunni buzish evaziga hech qanday qurilish yoki obodonlashtirish bo‘lishi mumkin emas.

Shuning uchun, biz – adliya xodimlarining birinchi darajadagi vazifasi bu boradagi qonunbuzilishlarning oldini olishdir.

Uy-buzilishi qanday og‘ir masala ekanligini, har bir xodim o‘zini yuragidan o‘tkazishi kerak, ya’ni oddiygina o‘zlaringni shu insonlarni, ularning farzandlarini o‘rniga qo‘yib ko‘ringlar, boshqa hech narsa kerak emas.

Keyin yana bitta jihatni e’tiborga olinglar, gap faqat moddiy boylik bo‘lmish imoratda emas, uy-joy bilan insonlarning shu uy bilan bog‘liq xotiralari ham o‘chiriladi. Tug‘ilib o‘sgan joy, yoshlikda o‘ynab kulib yurgan hovli, bolalikdagi xotiralar, kerak bo‘lsa har bir xonadonning hidi inson uchun qadrli, ko‘p uylar avloddan avlodga o‘tib kelyapti, bu yuksak shaxsiy nomoddiy boylik va inson hayotidagi ajralmas xotiralardir».

Amaliyotdagi muammolardan, bildirilgan fikr mulohazalardan kelib chiqib Adliya vaziri adliya organlari xodimlari oldida turgan muhim vazifalar alohida to‘xtalib, quyidagilarni bildirdi:

  • barcha mahalliy hokimliklarni fuqarolarni uy-joy bilan bog‘liq qonuniy huquqlarini poymol etishlarga chek qo‘yishlarini talab qilamiz;
  • butun adliya tizimi rahbarlari, mutasaddilari va xodimlarini o‘z vakolatlaridan to‘liq foydalangan holda, uy-joylar buzilishi jarayonida O‘zbekiston qonunlariga amal qilish yuzasidan choralar ko‘rishlariga chaqiraman.

Majlis davom etmoqda. Tafsilotlarni kuzatib boring.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring