Adliya vaziri ayrim amaldorlarning «burniga chertdi»
Bugun Oliy Majlis Senatining beshinchi yalpi majlisida O‘zbekistonda 2019-yilda huquqiy targ‘ibot va ma’rifat sohasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axborot bergan Adliya vaziri Ruslan Davletov davlat amaldorlarining burniga yaxshigina «chertib» o‘tdi.
Aytdiki, o‘z huquqlaringni bil, deb millionlagan aholi ortidan quvishdan ko‘ra, davlat organlarida qonuniylikni ta’minlagan afzalroqdir. Fuqarolar o‘ziga kerak yoki nokerak masalalar yuzasidan boshini qotirib, xavotirga tushib yurmasligi lozim. Aksincha, davlat organlari va xizmatchilari o‘z vazifalarini to‘g‘ri bajarishi kerak, fuqarolar huquqlarini poymol qilmasliklari shart.
2019-yil davomida vazirlik tomonidan kiritilgan taqdimnomalar asosida 181 ta noqonuniy hujjatlarning ijrosi to‘xtatildi, 2,8 mingtasi bekor qilindi.
Noqonuniy qarorlar qabul qilish amaliyoti, ayniqsa mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatida ko‘p kuzatilmoqda.
Endi qarang: agar biz qonunga itoatkorlikka ming chaqirib tursakda, fuqarolar o‘z kundalik hayotida boshqacha manzarani ko‘rsa, unda qonunga bo‘lgan ishonch so‘nadi. Ya’ni, har bir inson qonunlar ijrosiga amalda guvoh bo‘lib, buni his qilsa, bundan katta targ‘ibotning o‘zi bo‘lmaydi.
Aksariyat vazirlik va idoralar o‘zlariga tegishli qonun hujjatlarini aholiga to‘g‘ri tushuntirish masalasiga ikkinchi darajali ish sifatida qarab kelatganiga nima deysiz?! Bunga misol tariqasida vazir Davlat fuqarolik xizmati qonuni loyihasi, utilizatsiya yig‘imi bo‘yicha yetarli tushuntirishlar berilmaganini alohida ta’kidlab o‘tdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter