Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

15 yildan buyon «o‘tirgan» mahkum nidosi: «Men qotil emasman!»

15 yildan buyon «o‘tirgan» mahkum nidosi: «Men qotil emasman!»

Illyustrativ foto

Kamol Ochilov hibsga olinganida qirchillama qirq yoshda edi. Hibsda avval gumondor, ko‘p o‘tmay ayblanuvchiga, so‘ng sudlanuvchiga, 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgach, nihoyat, mahkumga aylandi. Hozir u ellik beshga kirmoqda, o‘n besh yildirki, umri qamoqxonalarda o‘tmoqda.

O‘n besh yil!.. Bu oz fursat emas: o‘tgan vaqt mobaynida uncha-muncha odam taqdirga tan berib ulguradi. Biroq K.Ochilovda buning aksini  ko‘ryapmiz: taqdirga tan berishni xayoliga keltirayotgani yo‘q, hamon adolatdan umidvor. Aytadigan gapi bitta: «Men qotil emasman!»

K.Ochilovning «ishi» yuzasidan o‘z vaqtida nufuzli «O‘zbekiston ovozi» gazetasida «Javobsiz 8 savol» sarlavhali maqola (2005-yil, 20-dekabr, 152-son) ham chop etilgan edi. «Stolbalarni ham qamash mumkin» bo‘lgan o‘sha vaqtlarda bitta maqola quvvati bilan jinoyat ishi qayta ko‘rilib, muayyan o‘zgarishlar  bo‘lishi ehtimoli juda past edi. Shundoq bo‘ldi ham...

Biroq bugun zamon o‘zgaryapti, huquqni muhofaza qilish organlari oldiga qo‘yilayotgan yangicha talablar sabab ular faoliyatida ham o‘zgarishlar yetarli. Ana shu inqilobiy o‘zgarishlardan ruhlanib, Kamol Ochilov ko‘p idoralar qatorida saytimizga ham murojaat etibdi. Hujjatlarni o‘rganib, mulohaza qilib, bundan salkam o‘n to‘rt yil «O‘zbekiston ovozi» gazetasida bosilgan maqolani qayta chop etish maqsadga muvofiqday ko‘rindi. Negaki, bu mavzuda nima deyilmasin, ushbu maqolaning takroriga o‘xshab qolaverar ekan. Qolaversa, jurnalist qo‘ygan savollar quvvatini yo‘qotgani yo‘q, hali-hamon xolis va asosli javobini kutmoqda.


Javobsiz 8 savol 

Yoki bir jinoyat fosh etishda negadir e’tiborsiz qolgan masalalar to‘g‘risida

O‘sha kuni Zulfiya Rajabova ishxonada ko‘rinmadi. Kadrlar bo‘limi boshlig‘i emasmi, opaning hech bir xabarsiz ishga chiqmaganligi ko‘pchilikni hayron qoldirdi. Tushda uyiga odam yuborildi. Hovli eshiklari berk. Qo‘ng‘iroqqa javob yo‘q. Ertasi kuni universitetda shum xabar tarqaldi: «Zoya opani (marhumani ko‘pchilik shunday atardi) o‘ldirib ketishibdi. Otib o‘ldirilgan deyishayapti…».

Elchilik, gap-so‘z. Birov «bahorda opaning uyiga o‘g‘ri tushib, tilla taqinchoqlarini olib ketgan ekan. Qotillik o‘shalarning ishi bo‘lishi mumkin» desa, boshqasi «birinchi turmush o‘rtog‘i bilan ajrashgan edi, oralarida nizo bo‘lgan deyishadi, u o‘ldirgan bo‘lishi kerak», deb taxmin qildi. Ba’zilar og‘zida esa «Zoya opa o‘qishga kiritaman deb pul olib, so‘ng kiritmas, pulni ham qaytarib bermas ekan. Shuning uchun birorta alamzada qasdini olgandir-da», kabi mish-mishlar ko‘paygandan-ko‘paydi.

Keyin o‘nlab odamlar jinoyat ishi yuzasidan hibsga olindi, ularni tergov qilish boshlandi. Turli versiyalar, gumon va shubhalar tekshirib ko‘rildi.

Oradan ikki oy o‘tib, kutilmaganda shu paytgacha gumon yoki shubhaga olinmagan Qarshi davlat universiteti iqtisodiyot va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha prorek­tori Kamol Ochilov va qorovullar boshlig‘i Sanjar Qo‘ldoshev hibsga olindi.

Viloyat prokuraturasi jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi alohida muhim ishlar bo‘yicha tergovchisi  tomonidan yozilgan ayblov xulosasi bilan 7 kishining ishi sudga oshdi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyat sudi tergov tomo­nidan sudlanuvchilarga ayrim moddalar asossiz qo‘yilgani uchun jinoyat ishidan chiqarib tashladi, ba’zi modda va qismlarni qayta malakaladi. 2004-yil 30-iyun kuni sud hukmiga ko‘ra Zulfiya Rajabovaning o‘limi yuzasidan Kamol Ochilov va Sanjar Qo‘ldoshevlar tashkilotchilikda, Otabek Halimov ijrochilikda, O‘tkir Qo‘ziyev suiqasd qilganlikda, Asqar Hakimov bilan Sherzod Halimovlar jinoyat haqida xabar bermaganlikda aybdor deb topildi. Rahmatilla Qurbonov esa universitetning pulini o‘zlashtirganlikda ayblandi. K.Ochilov 18 yil ozodlikdan mahrum qilindi. S.Qo‘ldoshev bilan O‘.Qo‘ziyevga 16 yil, O.Halimovga 20 yil, A.Hakimovga 2 yil va Sh.Halimovga 4 oy 18 kun ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. R.Qurbonov esa ish haqining 20 foizi davlat hisobiga o‘tkazilgan holda 3 yil axloq tuzatish ishiga jalb qilinadigan bo‘ldi.

Apellyasiya instansiyasida hukm o‘z kuchida qoldirildi. Keyinchalik Oliy sud raisi birinchi o‘rinbosari protestiga asosan ishni ko‘rib chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining ajrimi bilan apellyasiya ajrimi bekor bo‘ldi va ish apellyasiya tartibida ko‘rishlik uchun Buxoroga yuborildi. Joriy yilning (ya’ni, 2005-yil — tahr.) 20-aprel kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyat sudi apellyasiya sudlov hay’ati ajrimiga muvofiq birinchi instansiya sudining 2004-yil 30-iyundagi hukmi yana o‘z kuchida qoldi.

Tahririyatga ushbu jinoyat ishi yuzasidan ayblangan Ochilov, Qo‘ldoshev va ularning oila a’zolaridan shikoyat arizasi tushdi. Ushbu murojaat asosida imkon qadar ish hujjatlari o‘rganildi, guvohlar, himoyachilar, Qarshi davlat universiteti rahbariyati va xodimlari bilan suhbatlashildi. Mahbuslar bilan muloqot qilishga harakat qilindi. Mutaxassislar fikri o‘rganildi. Shu jarayonda bizda ko‘plab savollar paydo bo‘ldi. Biz tergov yoki sudni ayblamoqchi emasmiz. Faqat arizachilar da’vosida jon borligi, haqiqatdan ham jinoiy ishning ayrim nuqtalarida kishini o‘yga toldiradigan savollarga duch kelganimizni tegishli idoralar diqqatiga havola qilmoqchimiz.

Jinoyat ishida ko‘rsatilishicha, prorektor K.Ochilov muqaddam sudlangan va buni universitet ma’muriyatidan yashirib yurgan. Bundan kadrlar bo‘limi boshlig‘i Z.Rajabova xabardor bo‘lgan. Lekin go‘yo K.Ochilovning iltimosi bilan uning sudlanganligini universitet ma’muriyatidan yashirib kelgan. Keyinchalik o‘rtada nizo chiqib, Z.Rajabova uning sudlanganligini oshkor qilish bilan qo‘rqitgan. Sir ochilib qolishidan qo‘rqqan Kamol Ochilov esa 500 AQSh dollari berish va’dasi bilan universitet qurilish-ta’mirlash bo‘limi ishchisi Otabek Halimovni yollab, Rajabovani o‘ldirtirgan.

Biroq jinoyat ishida K.Ochilov va Z.Rajabovalar o‘rtasida adovat bo‘lganini isbotlovchi biror asos, dalil yo‘qligi kishini ajablantiradi. Tergov paytida so‘roq qilingan o‘nlab o‘qituvchi, xizmatchi va talabalar marhumaning ishxonada hech kim bilan nizoda bo‘lmaganligi, biror kishi bilan aytishgani yoki urishganiga guvoh bo‘lishmagani, hatto eshitishmaganini ta’kidlashgan.

«Kamol aka Rajabovaga «opajon» deb murojaat qilar edi. Biror marta opaning ham u kishi haqida yomon gapirganini eshitmaganman», deydi biz bilan suhbatda universitetda kadrlar bo‘limi nazoratchisi bo‘lib ishlovchi Rayhon Ravshanova. Universitetning bosh muhandisi Boymurod Alixonov, K.Ochilov bilan bir xonada ishlagan operator Husniddin Ahmedov va boshqa kishilar ham marhuma bilan Ochilov o‘rtasida biror marta nizo chiqqanini yoki san-manga borishganini eslasholmadi.

Birinchi savol: Qiziq, ter­gov va cyd qotillikka asos qilib ko‘rsatayotgan «kelishmovchilik» qayerdan olindi ekan?

Sud alohida urg‘u bergan masala — K.Ochilovning ilgari sudlanganlik fakti ham nazarimizda atayin bo‘rtirilgandek. Rostdan K.Ochilovga Yakkabog‘ tuman sudining 1994-yil 5-oktyabrdagi hukmiga ko‘ra, o‘sha payt amalda bo‘lgan 1959-yil tahriridagi JKning 177-2- moddasi  3-qismi (xaridor va buyurtmachilarni aldash) va 149-moddaning 1-qismi (mansab vakolatini suiiste’mol qilish) bilan ayblanib, 3 yil muddatga shartli ravishda ozodlikdan mahrum etish jazosi qo‘llanilgan. Qashqadaryo viloyat sudining 28.04.1995-yildagi ajrimi bilan hukm ijrosi kechiktiriladi. Keyinchalik amnistiya aktiga asosan u jazodan ozod etilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 22.09.1994-yildagi qaroriga ko‘ra, 1959-yilgi Jinoyat Kodeksiga asosan 1995-yilning 1-apreliga qadar hukm qilingan, sodir etgan qilmishlari yangi qabul qilingan Jinoyat kodeksiga muvofiq jinoiy deb topilmaydigan shaxslar jazoning barcha turidan ozod etilishi belgilandi. Bun­dan tashqari, ushbu qarorda, yangi JKga muvofiq, jinoiy deb topilmaydigan qilmishlar uchun hukm qilinib, jazoni o‘tab chiqqan yoki muddatidan ilgari ozod qilingan shaxslar sudlanmagan, deb hisoblanishi ko‘rsatildi. Demak, K.Ochilovdan sudlangan degan tamg‘a allaqachon qonuniy tarzda olib tashlangan va Z.Rajabova istagan taqdirda ham uni bu bilan qo‘rqita olmasdi. JKning 77-moddasiga binoan sudlanganlik olib tashlanishi munosabati bilan uning barcha huquqiy oqibatlari bekor bo‘ladi.

Agar e’tibor berilsa, tergov tomonidan qotillikda gumon qilinib, ilgari sudlangan shax­slar hibsga olinyapti. Xuddi eski zamonlarda qayerda jinoyat sodir bo‘lsa, birinchi bo‘lib sudlanganlar hibsga olinganidek. Yanada ajablanarlisi, qotillik jinoyati bo‘yicha shubhalanib, tintuvga borilgan xonadonlarning hammasidan yo patron yoki giyohvand moddasi chiqqan…

Qarshi shahar Gogol ko‘chasi 4-uyda yashovchi, ilgari sudlangan Shokir Ahmedovning uyidan ham 0,03 gramm «geroin» va 1,3 gramm «marixuana» topilgan. Uning o‘zi bu voqeani quyidagicha eslaydi: «2003-yil 16-dekabr kuni kechqurun organ xodimlari uyimizga kelib «Sen Zoyani o‘ldirgansan, uyingda qurol bor», dedi. Men qanday qilib Zoyani o‘ldirishim mumkinligini ulardan hayron bo‘lib so‘radim. Ular uyingni tintamiz, deyishdi. «Xo‘p», dedim. Tekshirishdi. Biroz o‘tib kostyumimning cho‘ntagidan go‘yoki giyohvand moddasi topib olishdi. Ayting, geroinni kim shkafdagi kostyumi cho‘ntagida saqlashi mumkin? Meni «geroin» seniki, deb hibsga olishdi. U yerda Zoya­ni o‘ldirgan-o‘ldirmaganligimni so‘rashdi. Men uning o‘limini bo‘ynimga olmadim. Oxiri giyohvandlik bo‘yicha ayblab, ishimni sudga oshirdilar».

Bundan tashqari, G‘ayrat Xudoyberdiyev, Rustam Mahmudov, Anvar Rashidov, Tagandurdi Xudoyberdiyev hamda Olmos Xudoyberdiyevlar uyidan ham tintuv paytida bir-ikki grammdan giyohvand modda yoki patron chiqqan...

Ikkinchi savol: Bu holat kishini ajablantirmaydimi? Qotillik jinoyati bo‘yi­cha gumon qilingan shaxsning uyi­dan albatta taqiqlangan biror narsa chiqishi kishida shubha uyg‘otmaydimi? Yoki ayrim advokatlar aytganidek, bu asosiy jinoyat isbotlanmasa, tintuv paytida atayin tashlangan vosita orqali hibsga olinganlikni oqlashga urinish emasmi?

Darvoqe, Kamol Ochilov va Sanjar Qo‘ldoshevlar ham dastlab ishxonalaridan giyohvand moddasini noqonuniy saqlaganligi uchun hibsga olingan. So‘ng tergov davomida ularga qotillik, bosqinchilik va bir qator moddalar ayb sifatida qo‘yildi. Ishxonadan giyohvand moddasi chiqib qolganlik holatiga esa ko‘plab e’tirozli savollar bor.

Ma’lum bo‘lishicha, qotillik sodir bo‘lgan kunning ertasiga prokuratura va militsiya xodimlaridan tuzilgan tezkor guruhning bir qismi marhumaning ishxonasi — Qarshi davlat universitetida ish boshlagan edi. Sud­da K.Ochilov uning xonasi IIB xodimlari Otabek Toshturdiyev va To‘lqin Yarmatovlarga bo‘shatib berilgani, ular bu yerda ikki oy ishlaganliklari, o‘zi esa bu paytda hisob bo‘limida ishni davom ettirganligini aytgan. Husniddin Ahmedovning ta’kidlashicha ham tezkor guruh xodimlari universitetga kelib, ikkita prorektor xonasida ish olib borishgan, universitet xodimlarini so‘roq qilishgan.

14-fevral kuni esa tezkor-tergov guruhi band qilgan pro­rektor K.Ochilovning xizmat xonasidan «dormikum» psixotrop moddasi topilgan... Ajabo, K.O­chilovning xizmat xonasi 2 oy mobaynida to‘lig‘icha IIB xodimlari ixtiyorida bo‘lgan bo‘lsa, tergov jarayoni ketayotgan bir paytda prorektor o‘z xonasida giyohvand modda saqlashi mumkinligi mantiqqa to‘g‘ri keladimi?

Sud hukmida: «14.02.2004-yil soat 15.30 larda Ochilovning xizmat xonasidan 5 ampula... «dormikum» psixotrop moddasi saqlab kelingani aniqlandi, daliliy ashyo sifatida olindi», deb yozilgan. Lekin tintuv o‘tkazish to‘g‘risidagi hamda sud kimyoviy ekspertizasi tayinlash to‘g‘risidagi qaror va IIB eks­pert kriminalistika bo‘limining xulosalari 13-evral kuni chiqarilgan.

Uchinchi savol: hukmda 5 ampula «dormikum» moddasi 14-fevralda topilgan deb yozilgan. Xo‘sh, unda qanday qilib u topilmasdan bir kun oldin ekspertizaga berilishi va uning «dormikum» moddasi ekanligi haqida xulosa chiqarish mumkin?

Yana bir masala, o‘z xonasida o‘tkazilgan tintuvda K.Ochilov ishtirok etmagan. Uning turmush o‘rtog‘i Mengnor Jugayevaning aytishicha, 11-fevral kunidan to 14-fevralgacha eri «yo‘qolib» qolgan. 14-fevral kuni esa uning hibsda saqlanayotganini bilgan. «Sudda so‘ralgan IIB xo­dimi Ulash Rahimov «K.Ochilovni 11-fevral kuni IIB xodimi To‘ra Zubaydullayevning xo­nasida ko‘rgan edim», dedi. To‘ra Zubaydullayev esa bunga izoh berib «u bilan gaplashganman, tergov qilmaganman», dedi. Bu erimning 11-fevral kuni noqonuniy ravishda hibsga olinganining isboti emasmi?», deydi u.

To‘rtinchi savol: birinchi instansiya sudi sudyasi U.Nurmatov va jinoyat ishla­ri bo‘yicha Buxoro viloyat sudi apellyasiya sudlov hay’ati sudyalari Yo.Ziyodullayev, S.Mirzayev va R.Xudoyberdiyevlar nega bu holatlarga e’tibor qaratmagan? Jinoyat protsessual qonunchilik talablari qo‘pol buzilganligi, nohaq 3 kun hibsda saqlanganligi haqida ko‘rgazma paydo bo‘lgan bir paytda uning to‘g‘ri-noto‘g‘riligi nega tekshirib ko‘rilmadi?

Ajablanarlisi shundaki, prorektorning xizmat xonasida negadir ikki marta tintuv o‘tkazilgan. Buni tintuvda xolis sifatida ishtirok etgan A.Bozorov, X.Ahmedov va B.Alixonovlarning ko‘rgazmalari tasdiqlaydi. K.Ochilovning ish kabinetidan avval 2 ampula, so‘ng 3 ampula «dormikum» moddasi olingan. Lekin hukmda bayon qilinishi bo‘yicha, bir kunda, ya’ni 14-fevralda uning xizmat xonasidan 5 ampula giyoh­vand moddasi topilgan emish. Buning asossiz ekanligini guvohlarning ko‘rgazmalaridan tashqari, yuqorida biz tilga olgan ekspertiza o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror ham, ekspert xulosasi ham tasdiqlamaydimi? Umuman, bir emas, ikki marta tintuv o‘tkazilishidan maqsad nima? Bitta qaror bilan necha marta tintuv o‘tkazsa bo‘ladi? Yuqoridagi holatlar «dormikum» topilishi hodisasiga shubha uyg‘otmaydimi?

Sud tomonidan K.Ochilov yana quyidagi holat bo‘yicha aybdor, deb topildi. Hukmda yozilishicha, u boshqalar bilan til biriktirib, qurilish-ta’mirlash bo‘limida ishlamagan Jamshid Qo‘ldoshev va Faxriddin Ibodullayevga maosh yozib, o‘zlari o‘zlashtirgan va universitetga moddiy zarar yetkazgan.

Ammo, sudga fuqaroviy da’vogar sifatida jalb kilingan B.Alixonov universitetga hech qanday moddiy ziyon yetkazilmaganligi, har ikkala shaxs ham universitetda ishlaganligi va ularning ish chiqqanda vaqti-vaqti bilan jalb qilib turilganligini hamda maoshlarini ham olganliklarini ta’kidlab, bu ayb epizodini rad qilgan. Sud bo‘lsa fuqaroviy da’vogarning suddagi so‘zlarini emas, tergov ayblovini quvvatlab yubordi. Qo‘yingki o‘zlashtirish bo‘ldi, deb hisoblanilganda ham K.Ochilovning bu ishga hech qanday aloqasi yo‘q. Negaki, J.Qo‘ldoshev va F.Ibodullayevni ishga qabul qilish va ozod etish haqidagi buyruqlarga u imzo qo‘ymagan. Ushbu buyruqlarga universitet sobiq rektori G.Xudoyberganov imzo chekkan. Ularning ishga qabul qilinish va ozod etilishiga aloqador barcha hujjatlarga R.Qurbonov, B.Alixonov, X.Samadov, S.Xolboyev va S.O‘roqovlar imzo qo‘ygan va tayyorlaganlar. Tabellarni esa muhandis B.Alixonov tasdiqlab bergan.

Beshinchi savol: xo‘sh, qan­day qilib bu holatda K.Ochilovni o‘zganing mulkini o‘zlashtirishda ayblash mumkin? Bunga qanchalik huquqiy asos bor? Ayblarning bunday turnaqator tizilishi ayblanayotganlarni jinoyat qilishga moyil, deb ko‘rsatib, qotillik epizodini zo‘r berib o‘tkazishga urinish emasmikin, degan gumonni paydo qilmaydimi?

Endi qotillik yuzasidan qo‘yilgan ayblovga biroz to‘xtalsak...

K.Ochilov bilan S.Qo‘ldoshev qotillik tashkilotchilari sifatida ayblanishiga O.Halimovning dastlabki tergovdagi «menga K.Ochilov 500 AQSh dollari evaziga Z.Rajabovani o‘ldirib berishni taklif qil­di. Boshqa kuni S.Qo‘ldoshev ham uning taklifini aytdi», deb bergan ko‘rgazmasi asos qilib olingan. Ammo, K.Ochilov bilan tergovdagi yuzlashtirishdayoq O.Halimov ularga nisbatan tuhmat qilganligini tan olgan va barcha sud jarayonlarida shu so‘zni takrorlab kelmoqda. Uning suddagi so‘zlariga e’tibor bering: «...Rajabova Zulfiya menga qo‘shnisi koreysni o‘ldirib bergin, uning hovli-joyini ham o‘zimga olishim kerak, menga sotmayapti, deb ko‘p marta aytgan. Zoya (Zulfiya — demoqchi — tahr.) uyida meni qul qilib ishlatgan. Ikkala hovlisini to‘liq remont qilib berganman. Shuncha ishimga bor-yo‘g‘i 10 000 so‘m berdi. 500 000 so‘mdan ortiq pul berishi kerak edi. Uyidan narsa yo‘qolganda ham hech qanday aybsiz meni mili­siyaga topshirdi. Bir hafta KPZda qiynalib yotdim. Zoya o‘z manfaatlarini ko‘zlab, o‘ziga meni bo‘ysundirish uchun shunday qilgan edi. Abituriyentlardan men orqali pul olib, qaytarib bermas edi. Ular kelib pulni mendan talab qila boshlar edilar. Opaning bu qilmishlari yig‘ilib, bo‘g‘zimga kelganidan so‘ng undan qutulish maqsadida otib tashla­dim. Opaning qilmishlaridan asablarim shunchalik taranglashgan ediki, qanday otib qo‘yganimni bilmay qoldim. Rais, Sizdan iltimos, menga o‘lim jazosi bersangiz ham yonimdagi begunohlarni qo‘yib yuboring. Ularga qarshi yolg‘on ko‘rgazma berganman» (10-jild, 237-239-varaqlar).

Ma’lum bo‘lishicha, Otabek Halimov giyohvand moddalar iste’mol qiladi va majburiy davolash choralari qo‘llanishga muhtoj. U 17-dekabr kuni hib­sga olinadi. 19-dekabr kuni uning o‘qishga kirgizaman deb fuqaro S.Hoshimovdan 130 000 so‘m va I.Tursunovdan 250 000 so‘mni olib, o‘zlashtirib yuborganligi holati yuzasidan JKning 168-moddasi 2-qism «b» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi. Keyinchalik esa u qotillik ijrochisi sifatida ayblandi.

Otabek tergovdayoq juda g‘alati, xuddi alahsiragan odamdek ko‘rgazmalar bera boshlagan. U bir ko‘rgazmasida «Ochilov meni chaqirib, Alixo­nov Boymurodni pul evaziga o‘ldirishni aytdi» desa, boshqasida «Qo‘ldoshev Sanjar ko­mendant Dilbarni o‘ldirib berishni so‘radi», deydi. Yana boshqasida esa «Rajabova Zulfiya qo‘shnisi koreys millatidagi ayolni o‘ldirib berishni so‘radi», deb aytadi. Sudda esa «Universitet prorektori Ismat Xudoyberdiyev va dekan Tursun Choriyevlar menga «agar Ochilovga qarshi ko‘rgazma berib, qamatsang birimiz rek­tor, ikkinchimiz prorektor bo‘lamiz, senga esa «Neksiya» avtomashinasi olib beramiz», deyishdi. Shu sababli Zulfiya opaning o‘limida ularning qo‘li bor deb o‘ylayman», degan. Ko‘rib turganingizdek, uning ko‘rgazmalari sog‘lom aqlga to‘g‘ri kelmaydi. Lekin tergov va sud giyohvandlik kasaliga chalingan Otabek Halimovning boshqa ko‘rgazmalariga e’tibor bermagan holda negadir K.Ochilov va S.Qo‘ldoshevlarga nisbatan dastlabki tergovda aytgan gaplariga e’tibor qaratgani, shu ko‘rgazma asosida ularni qotillik tashkilotchilari, deb ayblagani kishini o‘yga toldiradi.

Vaholanki, tergov paytidagi yuzlashtirishdayok, Otabek Halimov avvalgi ko‘rgazmasini inkor etganligini aytdik. Le­kin sud zalida aniqlangan holatlar bo‘yicha hukm qilishi lozim bo‘lgan sud Otabek Halimovning dastlabki tergovdagi ko‘rgazmasini K.Ochilov va S.Qo‘ldoshevlarni ayblash uchun asos qilib olyapti. G‘alatiligi, unga 500 AQSh dollari va’da qilinganligi haqida biror hujjat, dalil, fakt yo‘q.

«Men Otabek Halimovning 13-dekabr kuniyoq hibsga olingani, so‘ng Samarqanddagi hibsxonada saqlangani haqidagi ko‘rgazmalariga avval unchalik e’tibor qilmagan edim, — deydi Mengnor Jo‘rayeva. — Apel­lyasiya instansiyasida guvoh sifatida so‘ralgan Qarshi shahar IIB jinoyat qidiruv bo‘limi boshlig‘i Ulash Rahimovning ko‘rgazmalari (2005-yil 7-aprel) Otabekning gaplarini isbotladi. Sud zalida Ulash Ra­himov «2003-yil dekabr oyida Otabek Halimov olib borilgan Samarqand shahridagi izolyator boshlig‘i To‘ra Zubaydullayev telefon qilib, Ota­bek marhumani o‘ldirganini bo‘yniga olgani, qotillik quro­li bo‘lgan pistolet Halimovning uyidagi tualetda ekanligini aytdi. Aytgan joydan pistolet olindi. Samarqand IVS boshlig‘i yana telefon qilib, sumka ham hojatxonada ekan, qaranglar, dedi. So‘ng yana hojatxonadan sumka ham olin­di» dedi».

Lekin bayonnomada qayd etilishicha, qurol va sumka 2004-yil 11-fevral kuni hojatxo­nadan olingan. Bayonnoma shu kuni tuzilgan. Otabekning ukasi Sherzod Halimovning suddagi ko‘rgazmasida aytishicha, hojatxonadan qurol va sumka olish spektakl bo‘lib, unda u rol o‘ynagan, aslida akasi unga hech qanaqangi to‘pponcha ham, sumka ham bergan emas. Sud negadir bu qarama-qarshi fakt va ko‘rgazmalarga baho bermagan. Ajablanarlisi shundaki, sumka ichidan kalitlar va 450 AQSh dollari chiqadi.

Oltinchi savol: qiziq, 500 AQSh dollari uchun odam o‘ldirgani qasd qilgan Otabek nega sumka ichida tayyor turgan 450 AQSh dollarini olmasdan uni hojatxonaga tashladi ekan? Bu mantiqsizlik emasmi? Bu ularga qo‘yilayotgan qotillik epizodining to‘qima ekanligini anglatmaydimi? Jinoyat Qarshi shahrida sodir bo‘lgan, Qarshida ham vaqtincha saqlaydigan hibsxona bo‘lsa, nega Otabek Halimov Samarqand shahridagi hibsxonaga olib ketilgan?

Otabek Halimovning uyida­gi hojatxonadan to‘pponcha va sumka olinganligi haqidagi bayonnomada olingan pistoletning modeli, seriya raqami, uzunligi, nomi, qalinligi, balandligi, stvol diametri hamda olingan gilzaning dia­metri, uzunligi, uni tayyorlagan zavodning nomi va chiqarilgan sanasi ko‘rsatilmagan.

Yettinchi savol: bunday holatda O.Halimov uyidagi hojatxonadan aynan qotillik quroli, deb topilgai «Volter R-38» rusumli pistolet chiqqan, deb hisoblash mumkinmi? Ballistika mutaxassisi sifatida Qashqadaryo viloyat IIB EKB haydovchisi O.Nasimov jalb qilingan. Haydovchidan bal­listik ekspert sifatida foydalanish jinoyat protsessual qonun talablarini jiddiy buzish hisoblanmaydimi?

Sakkizinchi savol: Apel­lyasiya ajrimida sudlanuvchilarning ayb epizodlari bir emas, ikki, hatto uch bor takror-takror yozilgan. Bu ayblovni atayin bo‘rttirishga urinish, uni quvvatlashga harakat emasmi?

K.Ochilovning suddagi mana bu gapiga e’tibor qiling: «Menga tergov paytida univer­sitet rektoriga qarshi ko‘rgaz­ma berishni talab qilishdi. Men tuhmatdan bosh tortdim». Bu ko‘rgazma, prorektor xizmat xonasi va yotoqxona qorovulxonasidan shubhali tarzda topil­gan giyohvandlik moddalari hamda ushbu jinoyat ishi bo‘yi­cha sudlangan 7 shaxsning 5 nafari universitet xodimlari ekanligi qotillik izlari negadir universitetdan zo‘r berib qidirilganligini anglatmaydimi?

Xullas, savollar ko‘p. Biz kimlarnidir ayblash fikridan yiroqmiz. Balki ayblov asosli, jinoyat to‘liq isbotlangan bo‘lishi kerak, shunda e’tiroz va noroziliklarga o‘rin qolmaydi, demoqchimiz.

Nazarimizda, qalamga olin­gan jinoyat ishi yuzasidan ochiq, javobsiz qolgan savollar ancha-muncha. O‘ylaymizki, malakali yuqori idora mutasaddilari ushbu masalaga alohida e’tibor qaratadi...

(«O‘zbekiston ovozi» gazetasi.  20.12.2005-yil,  152-son)

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring