Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

120 nafar qatag‘on qurbonlari oqlandi

120 nafar qatag‘on qurbonlari oqlandi

Oliy sudda mustabid sovet tuzumi davrida qatag‘on qurboni bo‘lgan va hozirgi kunga qadar oqlanmagan 120 nafar shaxsga oid jinoyat ishlari ko‘rib chiqildi hamda ularning barchasi oqlandi.

Qayd etilishicha, 2022 yil 6 yanvar kuni Oliy sud raisi o‘rinbosari Ikrom Muslimov raisligida o‘tkazilgan ochiq sud majlislarida keltirilgan protestlar qanoatlantirildi va Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasiga asosan jami 6 ta jinoyat ishi bo‘yicha 120 nafar shaxs oqlandi.

Xususan, O‘rta Osiyodagi Birlashgan davlat siyosiy boshqarmasi (BDSB) hay’atining 1925 yil 4 sentyabrdagi maxsus yig‘ilish qaroriga ko‘ra, Mirza Ibragimov Mir Axur va boshqalar (jami 43 kishi) O‘zSSR JKning 61-moddasi (xorijiy mamlakatlar yoki ijtimoiy guruhlar foydasiga og‘ish) qalbaki hujjatlardan foydalangan holda urushni e’lon qilish hamda sovet davlatiga qarshi qurolli qarshilik harakatlarida ishtirok etish, 67-moddasi (aksilinqilobiy tashkilotlarga a’zolik qilish) va 69-modda (inqilobiy harakat va proletaryat sinfiga qarshi faol harakat yoki kurashish) ya’ni fuqarolar urushi vaqtida aksilinqilobiy xukumat tuzishda aybli deb topilib, surgun jazosiga hukm qilinib, ularga tegishli mol-mulklar musodara etilgan.

O‘rta Osiyodagi Birlashgan davlat siyosiy boshqarmasi (BDSB) Doimiy vakili huzuridagi Uchlik yig‘inining 1930 yil 24 yanvardagi qaroriga kura, Appax Xodja Asqar Xodjayev va boshqalar (jami 40 kishi) O‘zSSR JKning 78-moddasi (banditizm) sovet davlatiga qarshi qurolli qarshilik harakatlarida ishtirok etganlikda aybli deb topilib, surgun va eng og‘ir jazo-otishga hukm qilinib, otilgan va mol-mulki musodara qilinishi belgilangan.

Markaziy Osiyodagi Birlashgan davlat siyosiy boshqarmasi (BDSB) Doimiy vakili qoshidagi Uchlik kengashining 1930 yil 24 martdagi bayoniga ko‘ra, Abduraximov Mirza Xodja va boshqalar (jami 15 kishi) O‘zSSR JKning 67 va 78-moddalari, aksilinqilobiy maxfiy tashkilotini tuzganlikda hamda sovet davlatiga qarshi qurolli qarshilik harakatlarida ishtirok etganlikda aybli deb topilib, surgun va eng og‘ir jazo – otishga hukm qilinib, otilgan va mol-mulki musodara qilinishi belgilangan.

Markaziy Osiyodagi Birlashgan davlat siyosiy boshqarmasi (BDSB) Doimiy vakili qoshidagi Uchlik kengashining 1930 yil 25 yanvardagi bayoniga ko‘ra, Mansurbekov Muxammad Sodiq va boshqalar (jami 5 kishi) O‘z SSR JKning 67 va 78-moddalari, aksilinqilobiy maxfiy tashkilotini tuzganlikda hamda sovet davlatiga qarshi qurolli qarshilik harakatlarida ishtirok etganlikda aybli, deb topilib, O‘rta Osiyodan surgun qilinib, mol-mulki musodara qilinishi belgilangan.

Markaziy Osiyodagi Birlashgan davlat siyosiy boshqarmasi (BDSB) Doimiy vakili qoshidagi Uchlik kengashining 1930 yil 19 martdagi bayoniga ko‘ra, Safarov Tog‘ay Amin va boshqalar (jami 12 kishi) O‘zSSR JKning 67 va 78-moddalari, aksilinqilobiy maxfiy tashkilotini tuzganlikda hamda sovet davlatiga qarshi qurolli qarshilik harakatlarida ishtirok etganlikda aybli deb topilib, O‘rta Osiyodan surgun qilinib, mol-mulki musodara qilinishi belgilangan.

Rossiya Federativ Sovet Sotsialistik Respublikasi Oliy Inqilobiy tribunali Turkiston Sovet Respublikasi Markaziy Ijroiya qo‘mitasining 1921 yil 23 dekabrdagi hukmiga ko‘ra, Sharif Xodjayev Sadriddin Xon va boshqalar (5 kishi) O‘zSSR JKning 67 va 78-moddalari, aksilinqilobiy maxfiy tashkilotini tuzganlikda hamda sovet davlatiga qarshi qurolli qarshilik harakatlarida ishtirok etganlikda aybli, deb topilganlar.

Sud jarayonida mana shu shaxslarning barchasi oqlandi. Shu asnoda adolat qaror topdi, yillar mobaynida yuzaga chiqmay kelgan haqiqat tantana qildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring