Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ustyurtda qulonlar bormi..?

Ustyurtda qulonlar bormi..?

Ustyurt kengliklari bo‘ylab navbatdagi reydga chiqqan «Saygachiy» majmua landshaft buyurtma qo‘riqxonasi xodimlari qulon va jayronlar to‘dasiga duch keldi. Qo‘riqchilar tabiatdagi ushbu noyob hayvonlarni Ustyurtning janubiy-sharqiy qismida joylashgan Qoraqalpog‘istonning Turkmaniston bilan chegaradosh g‘arbiy qismida, ya’ni Sariqamish havzasi hududida uchratgan.

- Biz har oyda ikki-uch marotaba sayg‘oqlar yashaydigan hududlarni aylanib chiqamiz. Navbatdagi shunday reyd safarimiz Turkmaniston va Qozog‘iston davlatlarining O‘zbekiston bilan chegaralarini, ya’ni Qoraqalpog‘istonning g‘arbida cho‘zilib yotgan Ustyurt kengliklari bo‘ylab amalga oshirilgan edi, - deydi «Saygachiy» majmua landshaft buyurtma qo‘riqxonasi inspektori Bayram Uteuliyev. – Sariqamish ko‘lining atrofida har xil yovvoyi hayvonlarni va qushlarni, xususan to‘ng‘iz, tulki, qarsoq, shaqal, bo‘rsiq, boyqush, burgutlarni ko‘rdik. Shuningdek, bo‘rilarning izlariga ham duch kelib turdik. Bizni hayratga solgani Ustyurtda qulon va jayronlar to‘dasining mavjudligi edi. Ularni tasvirga muhirlash uchun avtotransportda izidan quvib kadr olishga muvaffaq bo‘ldik.

Ustyurtda haqiqatdan ham qulonlar bormi degan savol ko‘pchilikni qiziqtirishi tabiiy.

Ba’zi ilmiy ma’lumotlarda keltirilishicha, XIX asrda O‘zbekistonning Ustyurt kengliklarida ko‘p miqdorda uchragan turkman qulonlari (fanda lot. Equus hemionus onager) XX asrning 30-yillariga kelib butunlay qirilib ketgan.

Qulon Xalqaro tabiyatni muhofaza qilish tashkilotining Qizil kitobiga, Yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi fauna va flora turlarining xalqaro savdosi to‘g‘risidagi Konvensiyaning (SITES) Ilovasiga va O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobiga yovvoyi tabiatda yo‘qolib borayotgan hayvonot turi sifatida kiritilgan.

Qulonlar Ustyurt cho‘li va yarim cho‘llarida oziqlanadi. Yozda asosan kichik to‘da bo‘lib suvotlarda uchrashadi, qishda esa katta to‘da bo‘lib sahro uzra ko‘chib yuradi.

2011-2014-yillarda Ustyurtning Qoraqalpog‘iston qismida ekspeditsiya olib borgan olimlar Qoraqalpog‘istonning Turkmaniston bilan tutashgan shimoliy-g‘arbiy chegarasida 9 qulondan iborat to‘dani aniqlab, fanda rasman qayd qilgan edi.

Biologiya fanlari doktori, professor Svetlana Mambetullayevaning ta’kidlashicha, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi o‘simliklar va hayvonotlar olami genofondi tomonidan tashkil qilingan ekspeditsiyada O‘zbekiston uchun ilk bor Qoraqalpog‘iston hududidagi Ustyurtning janubiy-sharqiy tomonida kulonning mavjudligi aniqlandi. Qulonlarning Qoraqalpog‘istonda qayta paydo bo‘lishi o‘ta muhim yangilik.

Qulonlarning sonining o‘sishiga bir sabab – bu Turkmaniston bilan O‘zbekiston territoriyasi (Qoraqalpog‘iston) chegarasiga aholi yashaydigan punktlarning olisligi, yo‘lning og‘irligi va chegara rejimining saqlanishidir.

- Qulonlarni asrashimiz kerak, ularning bos sonini ko‘paytirishimiz zarur, deydi professor S.Mambetullayeva. - Qulonlarni saqlash uchun ularning yashash joyi sharoitini, o‘t-yem bazasini, oziqlanish holatlarini yaxshilash va tabiiy dushmanlaridan muhofaza qilish bo‘yicha doimiy monitoring olib borish kerak. Orolbo‘yi mintaqasida, xususan, Barsakelmes, Shaqpaqti, Qulontaqir, Assake-Audan hududlarida qo‘riqxona va zakazniklar tashkil qilish lozim.

Sariqamish ko‘lida faoliyat olib borayotgan baliqchilar ham hududda qulonlar to‘dasini tez-tez ko‘rib turishini ta’kidlaydi.
Saygachiy» majmua landshaft buyurtma qo‘riqxonasi xodimlari ushbu reyd safarida Ustyurtda, O‘zbekistonning Turkmaniston bilan chegarasida, Qaplanqir deb nomlanuvchi hududda uzoqdan arxarlarni (fanda lot. Ovis vignei arkal) ko‘rganini ham ta’kidlaydi. Qo‘riqxona zarur texnik uskunalar (professional fotoapparat, dron va h.) bilan ta’minlanmaganligi bois bu hayvonotlarni tasvirga olish imkoni bo‘lmagan.

Qo‘riqxona xodimlari ushbu va keyingi safarlarida Ustyurtda ko‘plab ajoyibotlarga duch kelib turgan. Bu haqida keyingi maqolalarimizda batafsil hikoya qilamiz. Bizni kuzatib boring.

Yesimxon Qanoatov

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring