Toshkentda «Tez yordam» xodimlari yana kaltaklandi (video)
Kecha Toshkent shahri Mirobod tumanida yana «Tez yordam» xodimlari kaltaklandi. Bir muddat oldin, aniqrog‘i 12-oktyabr kuni ham poytaxtning Yakkasaroy tumanidagi xonadonlarning biridan tez tibbiy yordam xizmati xodimasi kaltaklangani aytilgan edi.
SSVning ma’lum qilishicha, kechagi voqea soat 18:50 atrofida tumanning Temiryo‘lchilar ko‘chasi, 1/5-uy oldida sodir bo‘lgan.
Aniqlanishicha, tez tibbiy yordam xizmatiga yo‘lovchi fuqaro tomonidan 30 yoshli noma’lum erkak kishida «Qon ketish (hushsiz)» sababi bilan chaqiruv kelib tushgan.
Shundan so‘ng shifokor M.Z. va feldsher Z.J.dan tarkib topgan 397-sonli «103» brigadasi chaqiruv manziliga sanoqli daqiqalarda yetib borgan.
«Tez yordam» xodimlari manzilga kelganida, ko‘chada bemorligi aytilgan 22 yoshli fuqaro M.A. noadekvat holatda yon-atrofdagi kishilarga tajovuz qilayotgani ma’lum bo‘lgan. «103» ko‘chma brigadasi unga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatmoqchi bo‘lganda, mushtumzo‘r fuqaro shifokorlarga kuch ishlatib, TTYo avtomashinasiga ham jiddiy zarar yetkazgan.
Voqea jiddiy tus olayotganini ko‘rgan tez tibbiy yordam xodimlari darhol tuman ichki ishlar bo‘limiga murojaat qilgan. Huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari yetib kelguniga qadar fuqaro M.A. «103» brigadasi haydovchisi I.H.ni kaltaklab, unga jarohat yetkazgan.
Oqibatda jiddiy tan jarohati olgan tez tibbiy yordam mashinasi haydovchisi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga boshqa brigada tomonidan olib borilgan. Tekshiruvlar natijasida u «Bosh miya yopiq shikastlanishi, bosh miya chayqalishi, chap tizza sohasi yumshoq to‘qimalarining lat yeyishi» tashxisi bilan neyroxirurgiya bo‘limiga yotqizilgan.
Shuningdek, ko‘chma brigada shifokori M.Z. shifoxonada ambulator tartibda mutaxassislar ko‘rigidan o‘tkazilib, unga «Qorin sohasi yumshoq to‘qimalari lat yeyishi» tashxisi qo‘yilgan.
Sog‘liqni saqlash vazirligi mazkur holatni o‘z nazoratiga olgan. Shuningdek, vazirlik ushbu vaziyatga qonun doirasida huquqiy baho berilishi uchun barcha zarur choralarni ko‘rmoqda.
Ayni paytda mazkur holat yuzasidan Mirobod tuman ichki ishlar bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter