Toshkentda shifokorga og‘ir jarohat yetkazildi
Shu yilning 26-mart kuni soat 23:43 da poytaxtimizdagi «103» dispetcherlik xizmatiga Mirobod tumanida istiqomat qiluvchi 19 yoshli fuqaro A.dan chaqiriq kelib tushadi.
Ko‘rsatilgan manzilga tez tibbiy yordam brigadasi (shifokor – 1995 yilda tug‘ilgan Baxromjon Hazratov) 7 daqiqa ichida zudlik bilan yetib boradi. Bemor ko‘rikdan o‘tkazilayotgan vaqtda to‘satdan shifokor B. Hazratovga sababsiz tashlanib, uning boshiga qattiq jism bilan urib, og‘ir tan jarohati yetkazadi.
Shifokorning olgan jarohatidan kuchli qon ketayotganligi sababli voqea joyidan tez tibbiy yordam avtomashinasida Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazining ko‘p tarmoqli klinikasiga olib borilgan. Keyinchalik esa bemorning ahvoli yaxshi emasligi va jarohati o‘ta og‘irligini inobatga olinib, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga o‘tkazilgan.
— 26 yoshli tez tibbiy yordam shifokori B. Hazratov ayni paytda markazimizning neyroreanimatsiya bo‘limida og‘ir ahvolda intensiv davo muolajalarini olmoqda, — deydi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bosh direktori Davron To‘laganov. — U hozir og‘ir ahvolda, bemorga bosh miya yopiq jarohati, bosh miyaning o‘rta darajadagi lat yeyishi, bosh tepa va ensa sohalaridagi yirtilgan jarohat tashxisi qo‘yilgan.
Dastavval, Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazining ko‘p tarmoqli klinikasiga olib borilgan B. Hazratovning boshidan kuchli qon ketayotganligi sababli qon to‘xtatish uchun boshning tepa va ensa sohalaridagi jarohatga 4 ta chok qo‘yilgan.
«Keyingi paytlarda shifokorlarga nisbatan aholi vakillarining tez-tez qo‘pol munosabatda bo‘layotgani, hatto, jiddiy tan jarohati yetkazish darajasidagi g‘ayriqonuniy xatti-harakatlarini amalga oshirayotgani bor gap. Bu, albatta, barchamizni birdek ranjitadi.
Ayniqsa, yarim tun bo‘lishiga qaramasdan o‘z xizmat vazifasini sidqidildan, fidoyillik bilan bajarayotgan tez tibbiy yordam shifokorlariga nisbatan bunday munosabat ko‘rsatilishining ko‘payayotgani kishi ko‘nglini xira qiladi.
Albatta, aybdorlar qonun doirasida o‘z qilmishiga yarasha javobgarlikka tortiladi. Vazirlik bu uchun huquqni muhofaza qilish organlaridan aybdorlarga nisbatan tegishli jazo choralarini qo‘llashni talab etib, uni nazorat qiladi», — deyiladi SSV xabarida.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter