Toshkentda niqobli kimsalar tunda daraxtlarga hujum qilishdi
Toshkent shahar Yunusobod tumanidagi Amir Temur va Chinobod ko‘chalari chorrahasi yonidagi archalar noma’lum kimsalar tomonidan tunda arralab ketildi, deya xabar bermoqda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish axborot xizmati.
Qayd etilishicha, shu yerni auksion orqali qo‘lga kiritgan fuqaro bu yerda o‘sib turgan daraxtlarni boshqa joyga ko‘chirishga ruxsat berishni so‘rab murojaat qilgan. Toshkent shahar Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi bunga rad javobini bergandan keyin turfa o‘yinlar boshlangan.
Dastlab noma’lum kimsalar tomonidan tunda 10 ta daraxt yarmigacha arralab ketildi. Ekologlar esa ushbu daraxtlarni quritmasdan saqlab qolish maqsadida Botanika instituti mutaxassislarini jalb qilgan holda agrotexnik tadbirlarni olib borib, ularni asrab qolish choralarini ko‘rishdi.
Lekin tabiatga vahshiylik qilishni kasb qilgan kimsalar oradan ma’lum vaqt o‘tgandan keyin qora niqobda yana kechasi shu atrofda paydo bo‘lishadi. To‘rtta daraxtni kesib, voqea joyidan qochib qolishadi.
Bu yerning egasi J.G. esa ekologlar ustidan huquqni muhofaza qilish organlariga shikoyat yo‘llaab, daraxt ko‘chirilishiga ruxsat berilmagani tufayli uning huquqlari buzilganidan arz qiladi. Sud esa ushbu arizani qanoatlantirishni rad etgan.
Hozirgi kunda mazkur holat bo‘yicha tuzilgan maxsus ishchi guruhi qayd etilgan manzilda batafsil o‘rganish ishlarini o‘tkazib, sodir bo‘lgan holatga qonuniy baho berish uchun to‘plangan hujjatlar Yunusobod tuman prokuraturasiga topshirildi. Tunda daraxtlarga atayin shikast yetkazayotganlarni topish maqsadida ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda rejali tadbirlar amalga oshirilmoqda.
«O‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlarning kesilishiga joriy etilgan moratoriy muddatsiz davrga uzaytirilgan vaqtda yuz bergan bu holatni hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi. Modomiki, qo‘mita rahbariyati huquqbuzarlarga nisbatan tez kunda qat’iy choralar ko‘rilishini izchil nazorat qiladi va bu haqda jamoatchilikka axborot berib boradi», deyiladi xabarda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter