Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkent havosini ifloslantirayotgan sabablar aytildi

Toshkent havosini ifloslantirayotgan sabablar aytildi

Foto: Xabar.uz

Ekologiya vazirligi Toshkent shahrida atmosfera havosining ifloslanishiga quyidagi omillar ta’sir etayotganini ma’lum qildi.

  1. Toshkentda yashil hudud kamaygan. Jumladan, daraxtlar va butalarning kesilishiga e’lon qilingan moratoriy davrida 49 mingga yaqin daraxtlar noqonuniy kesilgan.

  2. Shaharsozlik bosh rejalari tasdiqlanmasdan, qurilish ishlari betartib amalga oshirilmoqda. Xususan, Toshkent shahrida bir necha marotaba qurilish ishlarini amalga oshirmaslik bo‘yicha moratoriy e’lon qilingan bo‘lsa-da, qurilishlar hanuzgacha davom etmoqda.

  3. Avtotransport vositalari soni ortib bormoqda. Transport vositalarining ekologik darajasi, foydalanilayotgan yoqilg‘i va yo‘l harakatini tashkil etish sifatiga bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Jumladan, respublika bo‘yicha avtomobillar soni 2021 yilda 3,14 mln donani tashkil etgan bo‘lsa, 2023 yilda ularning soni 4,6 mln donaga yetdi. Bugungi kunda Toshkent shahrida bir kunda o‘rtacha 730 mingta avtotransport vositasi harakatlansa, qo‘shimcha ravishda hududlardan 160 mingdan 300 minggacha avtotransport vositasi kirib kelmoqda. Xalqaro standartlarga to‘g‘ri kelmaydigan A-80 markali benzindan foydalanayotgan texnika vositalari esa atmosferaga me’yoridan ortiq zararli tashlamalar chiqarmoqda.

  4. Shaharlarda transport va piyodalar oqimining kesishmalari soni kamaytirilmagan, magistrallardagi yuklama darajasi pasaytirilmagan, transport oqimi tarkibini, tezlik rejimini tartibga solish sikli optimallashtirilmagan, yo‘l harakatini to‘g‘ri tashkil etilmagan. Natijada Toshkent shahrida tirbandlik holatlari ko‘p kuzatilmoqda. Tirbandlikda to‘xtab turgan avtomobil esa harakatlanayotgan avtomobilga nisbatan atmosferaga ko‘proq tashlama chiqaradi.

  5. Iqtisodiyot tarmoqlari va aholining energiya resurslariga bo‘lgan talabi ortishi natijasida uglevodorodlardan, jumladan, ko‘mir yoqilg‘isidan foydalanish hajmi ortmoqda.

  6. Kuz-qish mavsumida aholiga markazlashgan issiqlik yetkazib berish uchun mavjud Issiqlik markazlari tomonidan qo‘shimcha yoqilg‘i sifatida mazut yoqilg‘isidan foydalanish atmosfera havosining keskin ifloslanishiga hamda aholining e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.
  7. Toshkent havosi ifloslanishiga shamol yo‘nalishi va tezligi, havo harorati, quyosh radiatsiyasi, atmosfera yog‘inlarining miqdori va davomiyligi, harorat inversiyalari (vertikal bo‘yicha aralash zarralarning tarqalib ketishiga to‘sqinlik qiluvchi iliq havo qatlami) va boshqa tabiiy omillar ham sabab bo‘lmoqda. Toshkent shahri tog‘lar bilan o‘ralgan va chuqurlikda joylashgan. Shu sababli shamol aylanmasligi hisobiga chang havo oqimi shaharda turib, dimlanib qoladi va tabiiy yo‘l bilan chiqib ketmaydi.
Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring