Toshkent metrosi qurilishida avariya: o‘pirilish ostida odamlar qolgan bo‘lishi mumkin
Bugun, 18-dekabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent metropolitenining yangi qurilayotgan Yunusobod yo‘nalishi qurilishida avariya sodir bo‘lgani, yer o‘pirilishi oqibatida bir necha kishi tuproq ostida qolgan bo‘lishi mumkinligi haqida foto va xabarlar tarqaldi.
«Kun.uz» nashri hodisa yuzasidan Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, IIV Tergov departamenti boshlig‘i Doniyor Toshxo‘jayevdan hodisa yuzasidan izoh olgan.
«Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Yunusobod tumanida, «Megaplanet» oldida tunnel qazilayotgan bo‘lgan. Suv tunnelga tushmasligi uchun beton lotok qilingan. Ana shu lotokning qaysidir qismidan suv ketgan va suv to‘plangan. Yog‘ingarchilik kuchaygan vaqtda yer bo‘shab tunnelni bosib qolgan.
Hozircha hodisa oqibatida halok bo‘lganlar yoki jabrlanganlar borligi haqida aniq ma’lumot yo‘q», degan Doniyor Toshxo‘jayev.
Ayni vaqtda hududda qidiruv-qutqaruv ishlari olib borilmoqda.
Nashrning xabar qilishicha, mamlakat bosh vaziri Abdulla Aripov voqea joyiga borishi kutilmoqda.
Hozircha Favqulodda vaziyatlar vazirligi bu borada rasmiy ma’lumot tarqatmadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter