Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Talaba qizni aldagan shaxs uch yilga «kesildi»

Talaba qizni aldagan shaxs uch yilga «kesildi»

Qozog‘iston Respublikasi Shimkent shahrida joylashgan «Xalqlar do‘stligi» oliygohida tahsil olayotgan talaba qizing o‘qishini O‘zbekistondagi ta’lim muassasasiga ko‘chirib berishni va’da qilib, undan yirik miqdorda pul undirgan shaxs sud hukmi bilan uch yilga qamaldi. Bu haqda «Xabar.uz»ga Buxoro viloyati, Qorako‘l tumani sudi raisi Rahim Ochilov ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, Qozog‘iston Respublikasining «Xalqlar do‘stligi» oliygohida tahsil olib kelayotgan talaba Z.Sh.ning otasi F.Sh. qizining tahsilini O‘zbekistondagi Oliy ta’lim muassasalaridan biriga ko‘chirish uchun huquqiy maslahat so‘rab yurgan. Unga tumandoshi T.N. o‘zini ijtimoiy tarmoqlardagi «Study plus» konsalting firmasida ishlashini bildirib, ushbu masalani muammosiz hal qilib berishini bildirgan.

Avvaldan o‘ziga  tanish bo‘lgan T.N. ularning ishonchiga kirib, talaba qizning o‘qishiga oid barcha hujjatlarni so‘ragan va olgan. O‘qishni O‘zbekistonga ko‘chirish yirik mablag‘ talab qilishini, usiz masala hal bo‘lmasligini bildirib, «xizmati» evaziga 3 300 AQSh dollari so‘ragan. Va T.N. 2 400 AQSh dollari hamda 9 million 700 ming so‘m pullarni aldov yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.

Oradan yarim yildan ko‘p vaqt o‘tganiga qaramay, o‘qishining ko‘chirilishi masalasi hal etilmagan Z.Sh. o‘zi tahsil olayotgan «Xalqlar do‘stligi» oliygohi ma’muriyatidan o‘qishini O‘zbekiston Oliygohlaridan biriga ko‘chirish masalasi qachon yechim topishini so‘ragan. Biroq, u ma’muriyatdan bu borada hech qanday harakat bo‘lmagani, agar ariza bilan murojaat etganda, ko‘rib chiqilishi mumkinligi to‘g‘risida javob olgan.

Shunday so‘ng Z.Sh. otasiga «chuv» tushganini aytib, huquq-tartibot idoralariga murojaat qilgan. Murojaat yuzasidan olib borilgan tergov harakatlari davomida fuqaro T.N. ushbu masalaga oid hech qanday harakatda bo‘lmagani, hech qanday konsalting firmasiga ham ishlamasligi ochiqlangan.

Bundan tashqari, T.N.ning ilgari ham turli yillarda jinoyat sodir etgani yuzaga chiqqan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy shahar sudi hukmi bilan 9 yil ozodlikdan mahrum qilingani, jazoni uch yil o‘tagach, muddatidan ilgari shartli ravishda ozod etilgani, jinoyat ishlari bo‘yicha Qorako‘l tuman sudi hukmiga ko‘ra, 4 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi olgani,  jinoyat ishlari bo‘yicha Qibray tuman sudi hukmi bilan 1 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingani aniqlangan.

Sudda so‘roq qilingan sudlanuvchi T.N. aybiga to‘liq iqrorlik bildirgan. Fuqaro F.Sh.dan undirgan pullarini o‘z manfaatlari yo‘lida sarflab yuborganini tan olgan.

Sud jinoyat ishi sudlanuvchi tomonidan jabrlanuvchiga yetkazilgan 2.400 AQSh va 9.700.000 so‘m ekanini inobatga olib, fuqaro F.Sh. foydasiga jami 38.841.064 so‘m undirishni lozim topgan.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 168-moddasi (Firibgarlik) 2-qismining «a» bandi bilan T.N.ga 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Aybdor jazosini manzil tartibli koloniyalarda o‘taydigan bo‘ldi.

 

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring