Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Surxondaryoda juda katta miqdordagi giyohvandlik moddalari ushlab qolindi

Surxondaryoda juda katta miqdordagi giyohvandlik moddalari ushlab qolindi

Foto: Bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Davlat bojxona qo‘mitasi Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi «Sariosiyo» temir yo‘l chegara-bojxona posti xodimlari Davlat xavfsizlik xizmati hamda Chegara qo‘shinlari bilan hamkorlikda yirik miqdordagi giyohvand moddalarni respublikamiz hududidan qonunga xilof tarzda olib o‘tishga bo‘lgan urinishni fosh etishdi. Bu haqda qo‘mita axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, qo‘shni davlatdan kirib kelgan va respublikamizdan tranzit tarzida o‘tayotgan yuk poyezdi inspeksion ko‘rik majmuasi orqali bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganida, vagonlardan birining shubhali skaner tasvirlari bojxona xodimlarining e’tiborini tortgan.

Foto: Bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Mazkur vagon kinologiya xodimlarining xizmat itlari yordamida chuqurlashtirilgan bojxona nazoratidan o‘tkazilganida, vagonning ostki qismida maxsus xufyona joylar tayyorlanganligi aniqlandi.

Ushbu xufyona joylar belgilangan tartibda ochib ko‘rilganida esa, ularning ichiga qora rangli selofan paketlarga skotchlangan holda 23 dona 5 litrlik sig‘imga ega yelim idishlar yashirilgani fosh bo‘ldi.

Yelim idishlarning 4 tasiga oq rangli o‘tkir hidli 11 kg. 987 gr. og‘irlikdagi geroin, 2 kg. 592 gr. gashish hamda 19 dona yelim idishlarga jigarrang tusdagi o‘tkir hidli 81 kg. 348 gr. hajmdagi gashish moyi solingani aniqlandi.

Foto: Bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Shundan so‘ng viloyat bojxonachilari Davlat xavfsizlik xizmati, Chegara qo‘shinlari hamda ichki ishlar xodimlari tomonidan tezkor tadbir davom ettirilib, «Darband» temir yo‘l stansiyasida mazkur poyezd tarkibida bo‘lgan yana bir vagon tekshiruvdan o‘tkazildi.

Natijada, ushbu vagonning ostki qismida ham temir listlar yordamida tayyorlangan maxsus xufyona joyda qora rangli selofan paketlarga skotch bilan o‘ralgan jami 21 dona 5 litr hajmli polietilen idishlar yashirilganligi va ularning ichida 30 kg. 648 gr. gashish hamda 45 kg. 906 gr. gashish moyi giyohvandlik vositasi mavjudligi aniqlandi.

O‘tkazilgan tadbirlar davomida qariyb 172,5 kg. og‘irlikdagi giyohvand vositalarning respublikamiz hududidan yashirin ravishda o‘tkazilishiga chek qo‘yildi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan  jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tegishli tergov organlariga yuborilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring