Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sijjak yo‘lida pichoqli to‘qnashuv bo‘ldi

Sijjak yo‘lida pichoqli to‘qnashuv bo‘ldi

Joriy yil 1 oktyabr kuni soat 16:50 lar atrofida Mudofaa vazirligining Bo‘stonliq tumani Chorbog‘ qo‘rg‘onida joylashgan harbiy qismning bir guruh harbiy xizmatchilari o‘z xizmat vazifalarini bajarish uchun ketayotib, Toshkent — Sijjak yo‘nalishidagi avtomobil yo‘lining yoqasida ikki nafar fuqaro o‘zaro janjallashayotganiga guvoh bo‘lishgan.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabariga ko‘ra, harbiy xizmatchilar zudlik bilan mashinani to‘xtatib, ularga yaqinlashganida fuqarolardan biri jarohatlangan, ikkinchisining qo‘lida o‘tkir pichoq borligini ko‘rishgan. Ular har ikkala fuqaroni bir-biridan uzoqlashtirib, qo‘lga olishadi va jarohatlangan fuqaroni Chorbog‘ tez tibbiy yordam bo‘limiga, ikkinchisini esa ichki ishlar bo‘limiga olib borgan.

Dastlabki so‘rov natijasida olingan ma’lumotlarga ko‘ra, 1995 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan fuqaro S.M. 1989 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan A.P.ga tegishli bo‘lgan avtomobilda yo‘lovchi sifatida Chorbog‘ qo‘rg‘onida joylashgan “Bochka” nomli oshxonaga olib borib qo‘yishi uchun 200 ming so‘m pul evaziga kelishgan.

Manzilga yaqin kelganda fuqaro S.M. Toshkent — Sijjak yo‘lining xilvat joyida mashinani to‘xtatishni va shu yerga yana bir hamrohi kelishilgan pulni olib kelib berishini aytadi. Biroz vaqt o‘tgach, o‘zaro suhbatlashish jarayonida mashinaning orqa o‘rindig‘ida o‘tirgan S.M. fuqaro A.P.ga to‘satdan pichoq bilan hujum qilib, uning orqasi va beliga tan jarohati yetkazgan. A.P. o‘zini himoya qilish maqsadida mashinadan tushib qochayotgan vaqtida harbiy xizmatchilar kelib qolgan.

Holat yuzasidan ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan dastlabki surishtiruv-tergov harakatlari olib borilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring