Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Shimol bilan yakka olishuv». Naomi Uemuraning aql bovar qilmas matonati haqida

«Shimol bilan yakka olishuv». Naomi Uemuraning aql bovar qilmas matonati haqida

Naomi Uemura.

Foto: «TripAdvisor»

Bugun, 1-may kuni yapon sayyohi Naomi Uemura Shimoliy qutbni zabt etganiga roppa-rosa qirq yil to‘ldi. O‘shanda Uemura 37 yoshda edi. Yolg‘iz, itlar qo‘shilgan chanada qahratonda 54 kun yo‘l bosish... Ishtiyoq va irodaning o‘zi yetarlimi?

Naomi Uemura 1941-yili Xidaka shahrida tug‘ilgan. Meydzi universitetining talabasi — alpinistlar klubining yangi a’zosiga doim nimjonligi pand berib kelgan. Mana yana... Jomolungma uyoqda tursin, hatto Fudziyamaga ham chiqa olmasa-ya — alpinizmni hayoti mazmuniga aylantirishni istagan yapon uchun bundan ortiq sharmandalik bo‘lmasa kerak.

«Men buni shaxsiy chorlov deb bilaman» — dadil va ajoyib bu ibora Uemura uchun bir umrlik shior bo‘lib qoldi. U barchaga, shaxsan o‘ziga kuchliligi, qo‘rqmasligi, sayohatlarga chanqoqligini isbotlashga urinib yashadi. U o‘z intiluvchanligi bilan odamlarga hayot qanchalik ajoyib va tilsimotlarga boyligini ko‘rsata oldi.

Uemura 1966-yil yozida Alp tog‘ining Monblan va Matterxorn cho‘qqilarini, oktyabr oyida Afrikaning eng baland nuqtasi — Kilimanjaroni zabt etdi. Keyingi yili esa Janubiy Amerika giganti — Akonkagua yapon oldida tiz cho‘kdi. Tinib-tinchimas sayohatchi kamiga Amazonka daryosida solda 6000 kilometr masofani suzib o‘tdi.

Naomi Uemura 29 yoshiga qadar turli qit’alardagi yettita eng baland cho‘qqining beshtasini zabt etgan. Foto: «agesmystery.ru»

Nihoyat, u 1970-yilga kelib har qanday alpinistning orzusi — Jomolungma sari otlandi. Bu safar yapon ekspeditsiyasi tarkibida. 11-may kuni Uemura va Teruo Matsura, keyingi kuni yana bir yapon Xirabayasi va nepallik Chotare cho‘qqining eng tepasiga chiqishdi.

Oradan atigi ikki oy o‘tib Uemura tarixda birinchi bo‘lib Shimoliy Amerikaning eng baland nuqtasi —  Mak-Kinliga bayroq qadagan yakka alpinistga aylandi.

Shunday qilib, Naomi Uemura 29 yoshiga qadar turli qit’alardagi yettita eng baland cho‘qqining beshtasini (Avstraliya va Antarktidadan tashqari) zabt etishga ulgurdi. Hayratlanarlisi, ana shu besh cho‘qqining to‘rttasiga yolg‘iz o‘zi chiqqandi.

Endi u nigohini olis shimolga qarata boshladi. Endigi mo‘ljal «Yer kurrasining tomi» — Shimoliy qutb edi. Bunga uzoq va jiddiy tayyorlandi. Avvaliga Yaponiyani shimolidan janubigacha piyoda kezib chiqdi. Uch ming kilometr masofani 52 kunda bosib o‘tdi.

Keyin esa Grenlandiya. To‘qqiz oy eskimoslar bilan yashab, shimol hayotini, itlar tortadigan chanalarni boshqarishni o‘rgandi. Grenlandiya, Kanada va Alyaskaning 12 ming kilometrli qorli so‘qmoqlarini chanalarda ortda qoldirdi.

Shimoliy qutbga sayohat. Foto: «StoneForest.ru»

Shimoliy qutbga sayohat 1978-yilning 5-mart kuni Elsmir orolining Kolumbiya burnidan boshlandi. Uemura itlar qo‘shilgan chanada yo‘lga otlandi. «Katta yer» bilan radioaloqa orqali bog‘lanib turdi. Sayohatining to‘rtinchi kuni Uemuraning lageriga qutb ayig‘i hujum qildi, oziq-ovqatlarni yeb, yaroqsiz holatga keltirdi. Hatto bir-ikki marta yapon yotgan palataga ham bosh suqishga urinib ko‘rdi... Ertasi kuni qaytib kelgan ayiqni Uemura miltiqdan otib o‘ldirdi. Har qanday ekstremal sayohatchi qahraton va jazirama, ochlik va suvsizlikdan tashqari, yovvoyi hayvonlarga qarshi kurashishiga ham to‘g‘ri keladi. Uemura Amazonkada ham yirtqichlar bilan kurashgan, piranyalarga yem bo‘lishiga oz qolgandi.

Katta-katta muz tog‘lari Uemuraning sayohatini anchagina kechiktirdi. U Shimoliy qutbga o‘zi mo‘ljallaganidek aprel o‘rtalarida emas, may oyining birinchi kuni yetib keldi.

Bu yerga o‘z mamlakati bayrog‘ini qadagan Uemura ortiga shunchaki qaytib ketmadi: Grenlandiyani shimolidan janubiga qadar kesib o‘tdi. Sayohat 22-avgust kuni nihoyasiga yetdi.

Uemuraning yana bir orzusi Janubiy qutbni, Antarktidaning baland cho‘qqisi Vinsonni zabt etish bo‘lgan. Yapon ekstremalining fikricha, Alyaskadagi avval o‘zi zabt etgan Mak-Kinli qish paytida buning uchun yaxshi sinov maydoni bo‘lishi kerak edi.

Navbatdagi mashaqqatli yo‘l. Foto: «Ira Block»

Alyaska sharoitida, ayniqsa, qishda toqqa chiqish o‘lim bilan o‘ynashishga barobar. Tog‘ muzliklaridagi qor bosib o‘tgan yoriqlar o‘ta xavfli edi. Mana shu yoriqlardan himoyalanish uchun Uemura yelkasiga uzun bambuk tayoqlaridan langar yasab oldi. Yukini yengillatish uchun o‘zi bilan palatka ham, ovqat tayyorlashga yonilg‘i ham olmadi.

Toqqa 1-fevral kuni ko‘tarilishni boshlagan Uemura o‘zining tug‘ilgan kuni — 12-fevralni Mak-Kinli tepasida nishonladi. Oxirgi marta baza bilan aloqaga 13-fevral kuni chiqib, 5500 metr balandlikda ekanini, ikki kunda bazaga yetib kelishini ma’lum qildi. Shundan so‘ng noqulay ob-havo tufayli Uemura bilan hech kim bog‘lana olmadi.

20-fevral kuni havo ochilishi bilan Uemurani qidirish boshlandi. Toqqa vertolyotda tashlangan ikki nafar alpinist uni 26-fevralgacha qidirishdi. Topganlari Uemura tepaga ko‘tarilishda 4300 metr balandlikda tushirib qo‘ygan kundalik bo‘ldi. Unda oxirgi yozuvlar shu edi: «Men Mak-Kinlini zabt etmoqchiman».

Jasadi topilmagan Uemura bedarak yo‘qolgan deb e’lon qilindi. Xuddi hayoti kabi o‘limi ham sirli bo‘lib qoldi.

Naomi Uemuraga bag‘ishlab chiqarilgan pochta markasi. Foto: «Mountain.RU»

1984-yilning 19-aprel kuni Yaponiya bosh vaziri Yasuxiro Nakasonening qarori bilan Naomi Uemura o‘limidan so‘ng Xalq ehtiromi mukofoti bilan taqdirlandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring