Sardobada vahima tarqatganlar ushlandi (video)
Joriy yilning 14-yanvar kuni yarim tunda ijtimoiy tarmoqlarda Tojikiston hududida joylashgan «Bahri tojik» (Qayroqqum) suv ombori yorilishi natijasida suv toshqini sodir bo‘lganligi to‘g‘risida yolg‘on xabarlar tarqaldi.
Bunday vahima tarqalishi oqibatida Sardoba, Mirzaobod, Oqoltin tumanlarida ayrim kishilar o‘z yashash hududlarini tark etishga oshiqishdi. Viloyat hokimi tezda ushbu tumanlarga yetib borib, odamlarni tinchlanishga chaqiradi.
Sirdaryo viloyat telekanalining xabar berishicha, aholi orasida vahima uyg‘otuvchi noto‘g‘ri ma’lumot tarqatganlikda gumonlanib, 10 kishi qo‘lga olingan. Ular orasida ayol kishi va mahalliy bloger ham bor.
Qayd etilishicha, oqoltinlik bloger o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida «Qayroqqum suv ombori urib ketdi, tezkor tarqating» sarlavhali ma’lumot joylagan.
Yana bir erkak o‘zi yashovchi pod’yezddagi qo‘shnilari eshiklarini taqillatib chiqqani, bu orqali ularga tezroq xabar berishni istaganini, qilgan ishidan afsusdaligini bildiradi.
Eslatib o‘tamiz, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 202-2-moddasiga ko‘ra jamoat tartibiga yoki xavfsizligiga tahdid soluvchi yolg‘on axborotni tarqatish, shu jumladan, OAV, telekommunikatsiya tarmoqlari yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatish BHMning 50 (11 mln 150 ming so‘m) baravaridan 100 (22 mln 300 ming so‘m) baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Shuningdek, Jinoyat kodeksining 244 (olti) moddasiga muvofiq ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin ham ushbu xatti-harakatlar takror sodir etilsa, BHMning 200 baravarigacha (44 mln 600 ming so‘m) miqdorda jarima yoki 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 2 yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter