Samarqandda talaba qiz yarim tunda yotoqxonaning 9-qavatidan tushib ketdi
Samarqanda talaba qiz yotoqxonaning baland qavatidan o‘zini tashlagani aytilmoqda. Voqea 29-mart kuni, taxminan soat tungi ikkilarda Samarqand shahri, Spitamenshoh ko‘chasida joylashgan Samarqand davlat universiteti talabalar yotoqxonasida sodir bo‘lgan. Bu haqda «Zamon» informatsion dasturida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, talaba qiz universitetda kechki ta’lim shaklida, ikkinchi kursda o‘qigan. Universitetning yoshlar masalalari bo‘yicha prorektori talabaning o‘qituvchi yoki kursdoshlari bilan nizoli holatlari, o‘qishi bilan hech qanday muamosi bo‘lmaganini aytmoqda.
― Shu narsa aniqlandiki, qizimiz tarbiyali, og‘ir-bosiq, faqat ozgina juratsizroq, lekin o‘qishga qiziquvchan, intiluvchan bo‘lgan. Mana hozirgi kunda talabalarga ishlashga ruxsat berilsada, «men ishlashim kerak emas, yaxshi o‘qishim lozim» degan pozitsiyani tutgan qizlarimizdan bo‘lgan. Har bitta kursdoshi bilan, bu yerdagi xonadoshi bilan, o‘qituvchilari bilan gaplashdik. Hech kim bilan hech qanday kelishmovchiligi yo‘q, ― dedi SamDUning yoshlar masalalari bo‘yicha birinchi prorektori Shahzoda Negmatova.
Talaba qiz aslida yotoqxonaning oltinchi qavatida yashagan, ammo u yotoqxona binosining to‘qqizinchi qavatidan o‘zini tashlagan.
― Oqshom aniq soat nechchiligini bilmiyman, koridordan baland shovqin eshitildi. Nima bo‘ldi deb ko‘zimni ochdim. Hamma u yoq-bu yoqqa chopgan, ichki ishlar xodimlari kelgan,― deydi yotoqxonada yashovchi talabalardan biri.
― Holat hamma uyquda vaqtida sodir bo‘lgan. Biz ham ichki ishlar xodimlari kelganidan keyin bildik,― deydi boshqa bir talaba.
U ichidagini birovga aytmaydigan, og‘ir-bosiq qiz bo‘lgan. Ammo so‘nggi vaqtlarda biroz tushkun kayfiyatda bo‘lganini aytadi dugonalaridan biri.
― Xonadoshi xonasida bo‘lgan, nega kayfiyating yo‘q deb so‘raganida yig‘lab chiqib ketgan ekan,― deydi yotoqxonada yashovchi talabalardan biri.
Holat yuzasidan Samarqand viloyati prokuraturasi ma’lumot berdi.
Unda qayd etilishicha, 2022-yilning 29-mart kuni tungi soat taxminan 02:03da Pastdarg‘om tumanida yashagan E.S. Samarqand shahri Spitamenshoh ko‘chasida joylashgan ko‘p qavatli talabalar yotoqxonasidan tushib ketib, og‘ir tan jarohati olishi oqibatida voqea joyida vafot etgan.
Samarqand shahar prokuraturasi holat bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv harakatlarini olib bormoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter