Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Samarqandda 15 nafar bola doridan vafot etgani aytilmoqda. SSV tezkor guruh tuzdi

Samarqandda 15 nafar bola doridan vafot etgani aytilmoqda. SSV tezkor guruh tuzdi

Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqanddagi bolalar shifoxonasida Dok-1MAKS preparati sabab 15 nafar bola vafot etgani haqida ma’lumot tarqaldi. Ushbu dori vositalarining O‘zbekistondagi savdosi 22-dekabrdan vaqtincha to‘xtatilgani qayd etildi.

Samarqand viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi rahbari M.Q.Azizovning viloyat hokimligi Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Davronbek Jumaniyozovga yo‘llagan rasmiy xatida aytilishicha, oxirgi paytda bolalar o‘rtasida nafas yo‘llari virusi kasalliklari ko‘paygan. Shunday vaziyatda bemorlarga birlamchi bo‘g‘indagi shifokorlar yoki onalarning o‘zi Dok-1MAKS preparatini berishyapti.

«Dok-1MAKS preparati qo‘llanganda juda ko‘p holatlarda nojo‘ya ta’siri oqibatida bizga murojaat qilmoqda. Asosan bolalarda buyrak zararlanishi va yetishmovchiligi belgilari bilan namoyon bo‘lmoqda.

Oxirgi 2 oyda 21 nafar bemor shu dorini qabul qilgandan so‘ng nojo‘ya ta’siri bilan markazga murojaat qilgan. Bemor bolalarda asosan anuriya kuzatilgan.

Bulardan 17 nafarida kasallik nihoyatda og‘ir kechdi, hatto bir nechta gemodializ seanslari o‘tkazishga ham to‘g‘ri keldi. 15 nafarida o‘lim holati kuzatildi»», — deb yozgan markaz bosh vrachi.

SSV matbuot xizmati «Dok-1 Maks» tabletka va sirop dori vositalari bilan bog‘liq vaziyat o‘rganilayotgani haqida ma’lum qildi.

«Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahridagi dorixonalardan xarid qilingan «Dok-1 Maks» tabletka va sirop dori vositalarini qabul qilgandan so‘ng bemorlarda turli nojo‘ya ta’sirlar kuzatilgani haqida xabarlar tarqaldi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi ushbu vaziyatni darhol nazoratga oldi. Bemorlar ahvolini o‘rganish va holat sabablarini aniqlash maqsadida tezkor mutaxassislar guruhi tuzildi.

Uning tarkibiga agentlik hamda Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish Davlat markazining malakali mutaxassislari kiritildi.

Samarqanddagi dorixonalardan xarid qilingan Hindistoning Marion Biotech Pvt. Ltd kompaniyasiga tegishli «Dok-1 Maks» tabletka, limon va asal ta’mli sirop dori vositalari o‘rnatilgan tartibda ekspertizadan o‘tkazilmoqda. Laboratoriya tahlillari yakunlangach, uning natijalari haqida e’lon qilinadi», deyiladi xabarda.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, ushbu dori vositalarining yurtimizdagi savdosi 2022-yil 22-dekabrdan vaqtincha to‘xtatildi va bu haqda «Quramax Medical» MChJ tomonidan realizatsiya qilingan tashkilotlarga xabar yuborilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring