Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Rossiya va O‘zbekiston katta quvvatli AES qurish imkoniyatlarini o‘rganyapti

Rossiya va O‘zbekiston katta quvvatli AES qurish imkoniyatlarini o‘rganyapti

20-iyun, juma kuni Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi doirasida «Rosatom» davlat korporatsiyasi va «O‘zatom» agentligi o‘rtasida O‘zbekistonda katta quvvatli atom elektr stansiyasini qurish loyihasini amalga oshirish imkoniyatlarini o‘rganish to‘g‘risida bitim imzolandi.

Imzolash marosimida «Rosatom» davlat korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachyov va «O‘zatom» agentligi direktori Azim Axmedxo‘jayev ishtirok etgan.

Qayd etilishicha, kelishuv Vladimir Putinning 2024-yil 27-may kuni O‘zbekistonga davlat tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarning davomi bo‘lgan. Shu bilan birga, 2025-yil 28-aprel kuni «INNOPROM. Markaziy Osiyo» forumida ham bu borada tegishli qaror qabul qilingan.

Hujjat ikkita VVER-1000 qurilishini kelgusida to‘rtta energoblokkacha kengaytirish bilan amalga oshirish mumkin bo‘lgan asosiy shartlarni o‘z ichiga oladi.

«Jizzax viloyatida kichik quvvatli atom elektr stansiyasini barpo etishni davom ettirib, «VVER-1000» reaktorli atom elektr stansiyasi loyihasini amalga oshirish yo‘lida ham muhim qadamlarni qo‘ymoqdamiz. Kichik va katta quvvatli atom stansiyalarini birlashtirish O‘zbekistonda qudratli «uglerodsiz energiya klasteri»ni shakllantirishga va mamlakatning elektr energiyasiga o‘sib borayotgan ehtiyojlariga javob berishga, shuningdek, mamlakatda sanoat va innovatsion sohalarni rivojlantirish uchun asos bo‘lishga qodir», - deydi Aleksey Lixachyov.

Azim Axmedxo‘jayev katta quvvatli AES qurilishiga mamlakatning elektr energiyasiga - ekologik toza energiyaga bo‘lgan joriy va istiqbolli ehtiyojlarini qoplashga qodir bo‘lgan ishonchli va muvozanatli energiya tizimini yaratish manbai sifatida qaralishini ta’kidladi.

Manba: t.me

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring