Qo‘shnisini ayanchli tarzda o‘ldirgan qotilga hukm o‘qildi
Buxoro viloyati, Shofirkon tumanidagi «Dizqo‘rg‘on» qishlog‘ida tug‘ilgan 34 yoshli K.K. og‘ir darajada mast holatda bo‘lgan qo‘shnisi G‘.N.ning badanining turli qismlariga o‘roq bilan 33 marotaba urib, uni qasddan o‘ldirgan.
Qotil 17 yilga qamaldi, deya «Xabar.uz»ga ma’lum qilgan Jinoyat ishlari bo‘yicha Shofirkon tumani sudi raisi Ulug‘bek Bozorov.
Sud hujjatlariga ko‘ra, fuqaro G‘.N. ish yuzasidan qo‘shnisi K.K.ning xonadoniga borgan. Spirtli ichimlik iste’mol ta’sirida bo‘lgan G‘.N. hamqishlog‘i K.K.ning uyda yo‘qligini uning onasi O.F.dan eshitib, jahllangan. O‘zidan yoshi katta bo‘lgan onaxondan o‘g‘lini topib berishini baqirib so‘ragan va hech sababsiz O.F.ni haqoratlab so‘kkan va ortiga qaytgan. O‘ta mast holatda bo‘lgan qo‘shnisining yana qaytib kelishi mumkinligidan qo‘rqqan O.F. zudlik bilan o‘g‘li K.K.ga qo‘ng‘iroq qilib, voqeani unga aytib bergan.
Oradan bir necha soat o‘tgach, kechki paytda K.K. onasini nega sababsiz haqorat qilganini ochiqlash uchun qo‘shnisi G‘.N.ning yashash xonadoniga kelgan. Bu paytda G‘.N. uyida yolg‘iz, oilasidagilar mehmonga ketgan bo‘lishgan.
K.K. mast holda hovlisidagi kravat ustida o‘tirgan G‘.N.dan nega onasini haqorat qilganligining sababini so‘ragan. Shunda ham ichkilik ta’siridan hushi o‘zida bo‘lmagan G‘.N. qo‘shnisi K.K.niyam haqoratlab tashlagan. Bundan jahllangan K.K. o‘sha yerda bo‘lgan o‘roqni qo‘liga olib, G‘.N.ga tashlangan. G‘.N. qarshilik ko‘rsatishga uringan. O‘rtalaridagi janjal 15-20 daqiqa davom etgan. Biroq, K.K. G‘.N.ning ojiz va mast holatda ekanini inobatga olmay, unga nisbatan o‘ta shafqatsiz hatti-harakatda bo‘lgan. O‘roq bilan G‘.N.ning bosh sohasiga 2-3 marotaba va qorin sohasiga 4-5 marotaba urgan. G‘.N. old tomoni bilan yerga yiqilgan. Va ko‘zi qonga to‘lgan K.K. yiqilgan holda bo‘lgan qo‘shnisining badanining duch kelgan qismiga o‘roq bilan urgan va uning voqea joyida vafot etishiga sabab bo‘lgan.
K.K.ga ojiz shaxsga nisbatan o‘ta shafqatsiz hatti-harakatni sodir etishi oqibatida 17 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
«Qotil qamoq jazosini o‘ta og‘ir tartibli koloniyalarda o‘taydi»,—deydi Ulug‘bek Bozorov.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter