Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qoraqalpog‘istonda to‘qayzorlarga o‘t ketdi

Qoraqalpog‘istonda to‘qayzorlarga o‘t ketdi

Illyustrativ foto

Mamlakatimizning shimoliy mintaqasi sanalmish Qoraqalpog‘iston Respublikasi o‘ziga xos hayvonot va nabotot olamiga ega hudud sanaladi. Bu yerda davlat qo‘riqxonasi sifatida ro‘yxatga olingan to‘qay va o‘rmonlar, shuningdek, Botanika bog‘lari mavjud. Qo‘riqxona va Botanika bog‘larida noyob daraxt va o‘simliklardan tashqari yovvoyi hayvonlar va qushlar asrab-avaylab kelinadi.

Afsuski, keyingi hafta ichida Qoraqalpog‘istondagi noyob qamishzor va to‘rong‘ilzorlardan iborat to‘qaylarga ikki marta o‘t ketdi.

23-aprel kuni soat 00.00 lar chamasida Nukus tumani «Samanbay» ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi maydonda yong‘in sodir bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga qaraganda, olov 2 gektar yer maydondagi ho‘lu quruqni baravar yoqib, kulini ko‘kka sovurgan. Hududga 16 km. olisdagi o‘t o‘chirish bo‘limi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining alohida 7-o‘t o‘chirish bo‘linmalari jalb qilingan.

Katta maydonni qamrab olgan yong‘in bir necha soat ichida o‘chirilib, xavfli vaziyat bartaraf qilingan.

Hodisani o‘z ko‘zi bilan kuzatgan fuqaroning ta’kidlashicha, yong‘in vaqtida gala-gala o‘rdak va qirg‘ovullar potirdab osmonga uchib qochgan, silovsin va tulkilar o‘zini duch kelgan tarafga urgan.

Yong‘inning kelib chiqishiga fuqarolarning o‘z tomorqasida xazonlarni yoqib, e’tiborsiz qoldirgani sabab bo‘lgani taxmin qilinmoqda.

16-aprel kuni ham xuddi shunday yong‘in sodir bo‘lib, uning kelib chiqishiga fuqaroning o‘z tomorqasida chor-cho‘p va xazonlarni yoqishi sabab bo‘lgani aniqlangan edi.

«Har ikkala holat yuzasidan ayni kunlarda huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda» deya xabar beradi «Qoraqalpog‘iston 24» telegram kanali.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring