Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Qora beva»ga aylangan ayollar: tarixning shavqatsiz qotillari

«Qora beva»ga aylangan ayollar: tarixning shavqatsiz qotillari

Qora beva — juftlashgach erkagini yeyishga moyil urg‘ochi o‘rgimchak turi. Ilgari eri qaysidir sababga ko‘ra uzoq yashamagan ayollarga nisbatan «qora beva» atamasi qo‘llanilgan. Ha, bunday fojialar ko‘p hollarda baxtsiz hodisalar oqibati bo‘lgan. Ammo, ming afsuski, har doim ham emas.

Vera Rens

Vera 1903-yili zodagon vengerlar oilasida dunyoga keladi. Biroq na nasl-nasab va na mol-dunyo bu yosh xonim fe’l-atvorida o‘z izini qoldirmagan ko‘rinadi. Ayrim manbalarga ko‘ra, Vera umuman gapga kirmaydigan, o‘zboshimcha qiz bo‘lib o‘sgan va 15 yoshidayoq uyidan do‘stlari davrasiga qochib ketadigan odat chiqargan. U erkaklar bilan do‘stlashishni yoqtirar, asosan o‘zidan ulug‘roqlarni tanlardi. Turmushga ham ancha kattaroq yoshdagi odamga chiqadi.

Eri Buxarestdan kelgan boy tadbirkor bo‘lib, Vera undan Lorenso ismli o‘g‘il ko‘radi. Bola dunyoga kelganidan ko‘p o‘tmay ayol turmush o‘rtog‘ini xiyonat qilishda gumonsirab, undan qasd olishni diliga tugadi va vinosiga mishyak qo‘shib qo‘yadi. So‘ngra jasadni bir yoqli qilgach, qarindoshlariga eri uni va o‘g‘lini tashlab, boshqa ayol bilan ketib qolganini aytadi. Oradan bir yil o‘tgach esa xo‘jayini avtohalokatda vafot etgani to‘g‘risidagi mish-mishlarni tarqatib, qisqa vaqt ichida yana turmushga chiqadi.

Veraning ikkinchi eri o‘zi bilan tengdosh chiqdi, ammo bu nikoh ham uzoqqa bormadi: ayol rashk va shubhalar girdobida turmush o‘rtog‘ini tinch qo‘ymas va ular tez-tez janjallashardi. Shunday kunlarda «qora beva»ning ikkinchi eri ham yo‘qoldi — Veraning so‘zlariga ko‘ra, u ham boshqasini deb ketib qolgan. Bir yil o‘tgach esa turmush o‘rtog‘idan boshqa uyga qaytmasligi va xotini bilan bir umrga vidolashgani haqida maktub olganini ovoza qiladi. Aslida «vafodor er» jasadi sharoblar saqlanadigan yerto‘la ostida edi.

Vera boshqa turmush qurmadi, lekin uning har xil erkaklar, jumladan, oilasi borlar bilan ham munosabati davom etdi. Qizig‘i, hamma jazmanlar bedarak yo‘qolardi – biri ishqiy munosabatlaridan bir yil o‘tib, yana biri ilk kunlardanoq. Aytishlaricha, bu jirkanch ishlarga jazmanlaridan birining rafiqasi nuqta qo‘yadi: ayol eridan gumonsirab, uni ta’qib qiladi va kimnikiga borishini bilib oladi. Eri yo‘qolib qolgach esa politsiya chaqiradi.

Shu tariqa Veraning uyida tintuv o‘tkaziladi va yerto‘ladan tanalari har xil hajmda kesib joylangan 32 ta tobut topiladi. Ayol qotilliklarni tan oladi, erkaklarning hammasini unga sadoqat bildirmaganlikda ayblab, mishyak berib o‘ldirganini aytadi. Yana u ikkala erini o‘ldirganini ham tan oladi. Bundan ham dahshatlisi, unikiga mehmon bo‘lib kelgan o‘g‘li kutilmaganda yerto‘ladagi tobutlarni ko‘rib qoladi, shunda Vera bolasini ham zaharlaydi.

Bell Sorensen Ganness

Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, Bell Sorensen Ganness (Brungilda Polsdatter Storshett) 25 dan 40 nafargacha bo‘lgan odamni nargi dunyoga jo‘natadi. Ular safida o‘z qizlari – Mirtl va Lyusi, ikkita eri va boshqa farzandlari ham bo‘lishi mumkin.

Bell Norvegiyada dunyoga keladi. Oilada 8 nafar farzandning eng kichigi bo‘lsa-da, u baquvvat va kuchli qiz edi: guvohlar so‘ziga ko‘ra, bo‘yi 183 sm., vazni 90 kg. kelgan va juda chayir bo‘lgan. Qiz fermaga ishga joylashgach, 3 yil mobaynida AQShga ketish uchun biletga pul yig‘adi. Uning opalaridan biri allaqachon o‘sha yoqda yashardi. Okean ortida Bell ismini o‘zgartirib, xizmatkor sifatida ishga joylashadi.

1884-yilda esa kelib chiqishi chikagolik Meds Sorensenga turmushga chiqadi. Bir yil o‘tib, ular o‘z qandolat firmasini ochishadi, biroq u nimadir bo‘lib yonib ketadi. Er-xotin qo‘lga kiritilgan sug‘urta puliga uy sotib olishadi.

Tadqiqotlar natijasiga ko‘ra, Bell va Medsning 4 nafar farzandi bo‘lgan: Kerolayn, Aksel, Mirtl va Lyusi. Kerolayn va Aksel go‘dakligidayoq alomatlari deyarli zaharlanishdan farq qilmaydigan (diareya, ko‘ngil aynishi, spazm) kolit kasalligidan vafot etadi. Bolalar sug‘urta qilingan edi va ular o‘limidan so‘ng ota-onasiga sug‘urta kompaniyasi tomonidan pul to‘lab beriladi. Keyinroq Bell erini ham zaharlaydi va uning uchun olingan mablag‘ga ferma sotib oladi.

Endilikda ayol erkaklarni aynan shu fermaga taklif qila boshlaydi. Buning uchun gazetalarga nikoh to‘g‘risida e’lonlar joylashtiradi. Boy bevaga juda ko‘p xushtorlar chiqadi, biroq hech biri la’nati fermadan qaytmaydi. Afsuski, Bellning boshqa farzandlariga nima bo‘lgani noma’lum. Ustiga-ustak, o‘zining qanday o‘lgani ham noaniq: birdan yo‘qolib qoladi va ko‘p o‘tmay politsiya uning fermasi yonidan boshsiz va kuygan jasadni topadi. Bu jinoyatchiga tegishlimi-yo‘qmi hanuz isbotlanmagan. Ehtimol, «qora beva»ning jazodan qochish uchun o‘ylab topgan navbatdagi rejasidir?!

Meri Enn Kotton

Aytishlaricha, Meri Enn Kottonni qatl etgan jallod jabrlanuvchining ko‘proq azoblanishini istab, ilmoqni noto‘g‘ri mahkamlaydi. Agar bu haqiqat bo‘lsa – nima uchun? Ma’lumotlarga ko‘ra, Meri Enn Kotton o‘zining o‘n nafar farzandi, to‘rt eri va sevgilisi bilan birga 20 ga yaqin odamni mishyak bilan zaharlab o‘ldirgan.

Meri Enning bolaligi og‘ir o‘tadi: otasi o‘ta dindor bo‘lib, bolalarini tez-tez jazolardi. Uning o‘limidan so‘ng onasi va akalari bilan qolgan qiz qashshoqlikdan-da past hayotni ko‘rdi. Angliyadagi Viktoriya davrida bunday oila «mehnat uylariga» ketishiga to‘g‘ri kelishini anglatardi, biroq qizning onasi yana turmushga chiqadi. Endi oilaga ochlik va ayriliq boshqa xavf solmayotgandi, biroq Merining o‘gay otasi bilan munosabatlari yaxshilanmadi: Ular bir-birini zimdan yomon ko‘rishar va qiz o‘gay ota uyidan chiqib ketish yo‘llarini axtarardi.

16 yoshida Meri Enn fermaga ishchi bo‘lib joylashadi. Xo‘jayin uning ishidan shikoyat qilmagan, lekin ko‘p o‘tmay uning ishqiy sarguzashtlari haqida mish-mishlar tarqaladi. Qiz ham uzoq kuttirmay Uilyam Moubrey ismli konchiga turmushga chiqib, uyidan ketadi. Ushbu nikohdan besh nafar bola dunyoga kelib, ularning hammasi go‘dakligidayoq nobud bo‘ladi. Ko‘p o‘tmay eri ham vafot etadi: u ishda jarohat olib, davolanish uchun uyiga kelgach, ich buzilishidan kasallanib, hayotdan ko‘z yumadi.

Meri Enn sug‘urtani qo‘lga kiritgach, o‘ziga yangi ko‘ylaklar sotib oladi. Tirik qolgan yagona qizi Izabelni esa buvisinikiga jo‘natib yuboradi. O‘zi esa shifoxonadan ish topib, mishyakni saqlash uchun javobgar shaxsga aylanadi.

Bu yerda u bemor Jorj Vard ismli muhandis bilan tanishib, turmush qurishadi. Ammo qizi Izabelni yangi oilasiga olib kelishga shoshilmaydi, ustiga-ustak, kuyov ham kasal bo‘lib qoladi. Jorjni tekshirgan doktor shifoxonani bemorni noto‘g‘ri davolaganlikda ayblaydi, Meri Enn ham bu qo‘llab-quvvatlaydi. Ko‘p o‘tmay Jorj Vard olamdan o‘tib, Meri Enn ko‘chib ketadi.

Uning navbatdagi eri Jeyms Robinson rafiqasi o‘limidan so‘ng bolalari va uyiga qarab turadigan beka izlab yurgandi. Meri Enn suhbatdan oson o‘tdi va ishga qabul qilindi. Bir oy o‘tar-o‘tmas Rojdestvo arafasida Robinsonning farzandlaridan biri ichak bezgagi bilan og‘rib qolib, jon berdi. Shu orada Meri homilador bo‘lib qoldi.

Bir kuni Meri Ennga onasi og‘ir betobligi haqida xabar keladi. Ayol uni parvarishlash va bahonada qizi Izabelni ko‘rib kelishga jo‘nab ketadi. Qizi yetib kelganida Merining onasi oyoqqa tura boshlagandi, biroq keyin kutilmaganda yana ahvoli yomonlashib, u ham ichak kasalliklaridan vafot etdi. Izabel onasi bilan birga Robinsonning uyiga ketishga majbur bo‘ldi va u yerda ko‘p o‘tmay Jeymsning uch nafar farzandi bilan birga kasallanib qoldi. Ularning hammasi birin-ketin olamdan o‘tishdi. Faqat Meri Enn bilan Jeyms Robinsonning qizi – go‘dak tirik qoldi.

Bolani Jeymsning qattiqqo‘lligi o‘limdan qutqarib qoladi: ma’lum bo‘lishicha, Meri Enn uning ruxsatisiz hammadan pul so‘rayverib, qarzga botib qolgandi. Bundan g‘azablangan Robinson xotinini uydan haydab yuboradi. Ayol kichik qizi bilan uydan chiqib ketib, bolani tanishlarinikiga qoldiradi. Ular esa go‘dakni otasiga qaytarishadi.

Endi Meri Enn yangi o‘ljasi – xotini o‘lgan Frederik Kotton bilan tanishib, undan homilador bo‘lib oladi. Frederik uning qo‘lini so‘raganida hali rasman ajrashmay turib, rozi bo‘ladi. Bir yil o‘tar-o‘tmas Frederik Kotton ham o‘sha sirli ichak kasalligidan vafot etadi. Qora beva esa uning uyiga egalik qilib, ikki o‘g‘lining homiysiga aylanadi.

Ayol bu xonadonga sevgilisini taklif qiladi, biroq u bilan ko‘p yasholmaydi: yaqin orada hamshiraga muhtoj bo‘lgan keksa va boy amaldor topilib qoladi. Meri Enn o‘rgangan rejasini o‘zgartirmagan holda keksa boydan homilador bo‘lib oladi. Faqat bu nikohga Kottonning farzandlari xalaqit qilayotgandi. U zudlik bilan ham bolalardan, ham sevgilisidan qutulish chorasini ko‘radi. Yetti yoshli Charlz Kottongina tirik qoladi.

Meri Enn navbatdagi qurboni uchun bolani og‘uga jo‘natdi, biroq Charlzga margimush sotishmadi. Shunda u qo‘shnisidan iltimos qildi. Ko‘p o‘tmay Charlz Kotton ham olamdan o‘tdi. Yaqinda bolani tekshiruvdan o‘tkazgan va kasallik alomatlarini topmagan shifokorlar hayratda qolishgandi. Yana Merining qo‘shnilarini o‘g‘li o‘limidan so‘ng murdasini olib kelish uchun morgga emas, pul uchun sug‘urta kompaniyasiga borgani qattiq ajablantirdi.

Mahalliy gazetalar bu voqeaga yopishib olishdi. Meri Enn qochishga tayyorgarlik ko‘rdi, biroq ulgurmadi: Charlz Kottonning to‘qimasini saqlab qo‘ygan shifokor ekspertiza o‘tkazib, unda margimushni aniqladi. Politsiya Meri Enni hibsga oldi. Qurbonlar jasadi eksgumatsiya qilindi, dalillar to‘plandi. Meri Enn Kotton o‘lim jazosiga hukm qilindi. 1873-yil 24-mart kuni u qatl supasiga ko‘tarildi. Jallod tomonidan noto‘g‘ri bog‘langan sirtmoq tufayli taxminan uch daqiqa azoblangach, jon berdi.

Lidiya Sherman

Lidiya Sherman (uni yana konnektikutlik Borjia deb ham atashadi) eri bilan 18 yil sevib turmush qurishdi. Shundan so‘ng uni zaharladi.

16 yoshida Lidiya xotini o‘lgan Edvard Strak bilan tanishib, unga shu zahoti turmushga chiqadi: qiz ota-onasiz o‘sgani uchun oilasi bo‘lishini orzu qilardi. Strak politsiyachi edi. 18 yil yaxshi xizmat qilishiga qaramay, uni ishdan bo‘shatishadi va sobiq xodim depressiyaga tushib qoladi. Bu esa yosh xotiniga yoqmaydi. Erini margimush bilan zaharlab, muammoni hal qiladi. Biroq yolg‘iz o‘zi farzandlarini katta qilolmasligini tushunib, ulardan ham qutulish chorasini ko‘radi.

6 yoshli Marta Enn, 4 yoshli Edvard va chaqaloq Uilyamni bir kunda zaharlaydi. O‘smir yoshidagi Jorj va Enn Eliza kasallik paytida o‘ldiriladi — shunday qilinsa, izlarni yo‘qotish oson bo‘ladi, deb o‘ylaydi ayol. To‘ng‘ich qizi shu voqealardan so‘ng o‘z ajali bilan jon beradi. Lidiya esa boy Dennis Xarlbortning fermasiga ishga kirdi va tez orada uning xotiniga aylanadi.

Ko‘p o‘tmay Dennis bevasiga katta mol-mulk qoldirib vafot etadi. Lidiyaning nima uchun yana yangi ishga joylashgani noma’lum. Balki, yangi turmush uchundir. Shunday ham bo‘lib chiqdi: u qizini yolg‘iz tarbiyalayotgan Goratsiy Shermanga bola tarbiyachisi sifatida ishga kiradi. Nikoh omadli kechdi, faqat... Goratsiy ichkilikni yaxshi ko‘rardi. Bu shu darajada Lidiyaning g‘ashiga tegardiki, fikri o‘zgarib qolarmikan deb Shermanning qizini zaharlashga qaror qiladi. Biroq Goratsiy ichkilikka yanada beriladi. Shunda Lidiya uni ham zaharlaydi.

Ko‘p o‘tmay Lidiyani hibsga olishadi. Uni avval o‘lim jazosiga hukm qilishadi, ammo keyin umrbod qamoq jazosi bilan almashtirishadi. Lidiya umrining oxirigacha turmada azob chekib, oxiri o‘lib ketgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring