Qizga zo‘rlik bilan uylanmoqchi bo‘lgan yigitga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
2021-yilning 4-mart kuni soat 10:30 larda Surxondaryo viloyati, Denov tumani O‘rikzor MFY. hududida 28 yoshli Abdullo R. o‘ziga tegishli «Spark» rusumli avtomashinasida tanishi, 20 yoshli Sug‘diyona X. oldiga kelib to‘xtab, ikkita noma’lum shaxslar bilan unga nisbatan kuch ishlatib, majburlab avtomashinasiga o‘tirg‘izishadi.
Sug‘diyona X. Denov tuman IIO FMB boshlig‘i nomiga yozgan arizasida Abdullo R.ning ikki nafar sherigi avtomashinadan yo‘lda tushib qolganidan so‘ng, «menga erga tegsang uyingga olib borib qo‘yaman» deb shart qo‘yib olib qochib ketganligini hamda u yigitdan qochib ketish maqsadida, unga turmushga chiqishga rozilik berib, ota-onasini ham rozi qilishga va’da berib uning qo‘lidan qochganligini ma’lum qilgan.
Mazkur holat yuzasidan Denov tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 136-moddasi (Ayolni erga tegishga majbur qilish yoki uning erga tegishiga to‘sqinlik qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Dastlabki tergov davomida, Abdullo R. Sug‘diyona X.ning erga tegib ketmasligi uchun olib qochganligini, uning sheriklari 25 yoshli Zuxriddin S. hamda 18 yoshli Asliddin E. ekanliklari aniqlangan.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ta’kidlash joizki, Jinoyat kodeksining normalariga ko‘ra, jinoyatni sodir etgan shaxslar bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravarigacha miqdorda jarima yoki 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter