Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qibraydagi «qonli ariq» hodisasi o‘rganildi

Qibraydagi «qonli ariq» hodisasi o‘rganildi

Foto: «Rost24.uz»

Toshkent viloyati Qibray tumani «O‘ngqo‘rg‘on» mahallasidagi fermer xo‘jaliklari o‘rtasidan o‘tgan ariqdan har kuni ikki mahal qon oqadi, deb ma’lumot bergandi «Rost24.uz». Shuningdek, shu xususida video lavha ham tarqaldi.

Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, mazkur masala yuzasidan ishchi guruh tuzilib, holat joyiga chiqib o‘rganildi va quyidagilar aniqlandi:

O‘rganish davomida «Obod Savdo Biznes» MChJ ga qarashli kushxonadan hosil bo‘lgan oqova suvlar zax ariqqa oqizilganligi ma’lum bo‘ldi.

Ushbu holat yuzasidan 2021-yil 26-fevral kuni Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat bo‘yicha Qibray tumani inspeksiyasi tomonidan 20/21-sonli ogohlantirish xati berilgan. Vaholanki, «Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida»gi qonunning 19-moddasi, «Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida»gi qonunning 18-, 19-, 99-moddalari talablari buzilishi ro‘y bergan.

Buning oqibatida aybdorlar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 72 moddasi 1-qismi bilan ma’muriy javobgarlikka tortishiga sabab bo‘ladi.

Ushbu ixtisoslashgan so‘yish korxonasi binolari 2014-yilda «Nur Farrux» fermer xo‘jaligidan «Obod Savdo Biznes» MChJ taasarufiga o‘tgan va Qibray tumani hokimining № 2494 sonli qarori 9 dekabr 2014-yilda qabul qilingan. Ushbu ixtisoslashgan so‘yish korxonasi 2018-yil ishga tushirilgan, lekin hujjatlar ko‘zdan kechirilganda, aynan ixtisoslashgan so‘yish korxonasi uchun tegishli tashkilotlarning xulosalari mavjudligi taqdim qilinmadi.

Oqova suvlar va kushxona hududidan chiqayotgan oqovalar uchun qilingan o‘ralar gidroizolyasiyalangan (betondan yasalgan) bo‘lib, lekin oqovalarni yig‘masdan aksincha oqovalar dalaga va zax ariqqa tushirilgan.

Oqova suvlarni o‘radan tortib olib ketilishi uchun shartnoma tuzilmagan, maishiy chiqindilarni olib ketish uchun ham «Toza hudud» bilan shartnoma mavjud emas. Qushxona xududi orqa tomoni dala qismiga kushxonani yuvish vaqtida chiqqan qon aralash suvlar va so‘yilgan mol oshqozonidan chiqqan yem ozuqa qoldiqlari binoning orqa dala qismiga chiqarilish oqibatida tartibsiz holatga kelib qolgan.

Natijada «Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida»gi qonunning 16-moddasi buzilgan. Davlat veterinariya qo‘mitasining 2018-yil 27-iyuldagi ixtisoslashgan so‘yish korxonalariga nisbatan vaqtinchalik veterinariya sanitariya qoida va me’yorlarini tasdiqlash haqidagi 25-sonli qarori talablari buzilgan.

Viloyat hamda tuman SEO va JSB mutaxassislari tamonidan ushbu aniqlangan holat va tartibbuzarliklarni zudlik bilan bartaraf qilish choralarini ko‘rish, qushxonadan chiqayotgan oqovalar uchun maxsus gidroizolyasiyalangan o‘ra qurilishi nazoratga olindi.

Hozirgi kunda yuqoridagi kamchiliklarni bartaraf etish uchun ko‘rsatmalar berilib, qushxonadan chiqadigan oqova suvlarni zax ariqqa oqizilishi to‘xtatildi. O‘rnatilgan quvurlar kovlab olindi.

Kamchiliklarni 5 kun muddat ichida bartaraf etish bo‘yicha korxona rahbaridan tushuntirish xati olindi.

Qibray tuman ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish inspeksiyasi tomonidan korxona tomonidan atrof-muhitga yetkazilgan zarar hisoblanib, tegishli tashkilotlarga taqdim etiladi, deyiladi hokimlik xabarida.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring