Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Dahshatli qotillik tafsiloti ma’lum qilindi

Dahshatli qotillik tafsiloti ma’lum qilindi

Qotillik qurboni bo‘lgan oila.

Foto: «Nemolchi.uz»

Toshkent viloyatining Qibray tumanida yashovchi bir oilaning 4 nafar a’zosi va yollanma ishchi o‘ldirib ketilgani haqida avvalroq xabar berilgandi.

O‘zbekistondagi zo‘ravonlikka qarshi «Nemolchi.uz» mustaqil nashri qotillik tafsilotlarini e’lon qildi.

Qayd etilishicha, qotillikni sodir etgan 24 yoshli Shoyadbek 26 iyul kuni Rossiyadan Toshkentga uchib kelgan.

Qotil barchasini puxta rejalashtirgan: u videokuzatuv kameralari bo‘lmagan joyda taksi to‘xtatib, o‘zi bilan ikkita qassob pichog‘ini olib uyga kelgan. U 28 iyuldan 29 iyulga o‘tar kechasi mudhish rejasini amalga oshirib, 29 iyul kuni qaytish chiptasi bilan Rossiyaga uchib ketmoqchi edi.

Aytilishicha, Shoyadbek Rossiyada cho‘chqa so‘yish sexida ishlagan, shuning uchun u professional tarzda o‘ldirishni bilgan. Uning qo‘li qotillik vaqtida biron marta qaltiramagan.

Birinchi zarbani eshik oldidagi uyda uxlab yotgan oilaning kenja qizi Madina olgan. Shoyadbek uni Malika bilan adashtirgan. Madinaning ovozidan otasi, akasi Qayum va yollangan ishchi yugurib keladi.

Qotil uch zarbada ularni ham pichoqlaydi va ko‘chaga otlanayotib, onasi va ikki bolasi bilan turgan Malikaga to‘rt marta pichoq bilan zarba beradi.

Keyin taksiga qaytib, haydovchiga qizning otasi unga hujum qilganini aytadi. Taksi haydovchisi qonni yuvishga yordam beradi va unga qo‘shimcha kiyim beradi. Shundan so‘ng ular aeroportga yo‘l oladi.

Aeroportda huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining ko‘pligini payqagan Shoyadbek mashinani Qo‘yliq tomonga haydashni so‘raydi. Qotil u yerdan taksida Andijonga yo‘l oladi. Yo‘lda qotil hibsga olinadi.

Jinoyat sodir bo‘lgan joyga tez yordam mashinasi yetib keladi, unga o‘sha vaqtda tirik bo‘lgan ishchi ortiladi. Biroq u tan jarohatlari tufayli shifoxonada vafot etadi. Viloyatda uning ikkita bolasi va homilador xotini qolgan.

Malikaning onasining so‘zlariga ko‘ra, ularning oilasi Shoyadbek bilan bir necha yil oldin tanishgan. U Malikaning kreditga olingan uyini ta’mirlab bergan. Bu vaqt ichida yigit bir necha bor Malikadan qarz olgan. Shundan so‘ng yigit Malikaga boshqacha munosabatda bo‘la boshlagan va uning qo‘lini so‘ragan. Malika u bilan birga yashamasligini ma’lum qilgandan so‘ng Shoyadbek ayolning otasi oldiga boradi.

— Shoyadbek, qizim senga xotin bo‘lmaydi. Sizlar butkul boshqa-boshqa olamsiz. Sen 24 yosh, u esa 35 da. Ikkita bolasi bor. Qizimni nima qilasan?, — deydi qizning otasi.

Malikaning ota-onasi yigit qarzdan qutulish uchun to‘y taklifini berayotganini darhol tushunishadi. Qarzi kattagina edi – 14 million so‘m. U atigi 1,6 mln.ni qaytardi. Malika qolgan qarzni ham qaytarishni talab qildi, u kreditni yopishi kerak edi.

Shundan so‘ng, Shoyadbek Rossiyaga jo‘nab ketadi va Malikaning oilasiga tahdid qila boshlaydi. Internetda u qiz va uning oilasi haqida haqoratli postlarni, pornografik fotosuratlarni montaj qilib tarmoqqa joylashtiradi.

Iyul oyida O‘zbekistonga qaytib, Malika ishlaydigan ishxonaga borib ayolning hamkasblari oldida pichoq bilan unga tahdid qiladi. Keyin Malika ichki ishlar organlariga ariza yozadi, lekin huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan hech qanday harakat bo‘lmaydi.

May oyida oila a’zolari tuman ichki ishlariga ham ariza yozadi, keyinroq portalga ham murojaat yuboradi (javobi hali ham kelmagan). Malikaning onasining so‘zlariga ko‘ra, ichki ishlar organlari Shoyadbekni Rossiyada ekanini aytib, hech narsa qila olmasliklarini ma’lum qilgan.

«Agar ichki ishlar organlarimiz xotin-qizlarning arizalariga qo‘l siltamasdan o‘z vaqtida munosabat bildirganda, haqorat, tuhmat, shantaj uchun gumonlanuvchining xorijga chiqqanini bahona qilmasdan qidiruvga berganda, O‘zbekistonda Jinoyat kodeksining ’o‘ldirish bilan qo‘rqitish’ 112-moddasi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilganda 5 kishi tirik qolgan bo‘lardi», – deyiladi xabarda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring