Qashqadaryoda yosh ona shifoxonada vafot etdi. Holatni prokuratura tekshirmoqda
Ijtimoiy tarmoqlarda Chiroqchi tumani tibbiyot birlashmasi reanimatsiya bo‘limida 26 yoshli ayol vafot etgan, holat prokuratura tomonidan o‘rganilmoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, Chiroqchi tumani G‘allachi mahallasida yashovchi, 1997 yilda tug‘ilgan A. G. shu yilning 10-oktyabr kuni soat 06:00da qarindoshlari tomonidan tug‘ruq bo‘limiga olib kelingan.
Qayd etilishicha, ayolda oxirgi ko‘rik 2023-yil 13-sentyabrda, homiladorlikning 33-haftasida o‘tkazilgan. Bunda ayolga yotib davolanish tavsiya qilingan, lekin ayol davolanishga bormagan.
Bo‘limga kelganida ayolning umumiy ahvoli qoniqarli baholangan. 10-oktyabr kuni soat 16:10 da vazni 3400 og‘irlikdagi o‘g‘il chaqaloqni dunyoga keltirgan. 2023-yil 12-oktyabr kuni ertalab soat 5-6 lar oralig‘ida ayolning ahvoli og‘irlashib, qornida kuchli og‘riq paydo bo‘lgan. Og‘riqlar kuchaygach, birlashma xirurg vrachlari jalb qilingan, shundan so‘ng viloyatdan jarroh, akusher-ginekolog va nefrolog chaqirilgan. So‘ng bemorda operatsiya o‘tkazilgan, deyiladi Qashqadaryo viloyati SSB ma’lumotida.
Operatsiyadan keyin ayolga tegishli muolajalar qilingan. Ammo ayolning umumiy ahvoli og‘irlashgan, qilingan barcha muolajalarga qaramay u 2023-yil 16-oktyabr kuni soat 02:30 da vafot etgan.
Mazkur ona o‘limi holati viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi kengaytirilgan yig‘ilishida muhokama qilingan va bu borada tegishli choralar belgilangan.
Ayni paytda mazkur holat Chiroqchi tumani prokuraturasi tomonidan o‘rganilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter