Ommaviy tartibsizliklar tafsiloti ma’lum qilindi
Bugun AOKAda Bosh prokuratura bo‘lim prokurori Abror Mamatov ishtirokida brifing o‘tkazildi. Unda joriy yilning 1-iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasida yuz bergan ommaviy tartibsizliklar oqibatlari haqida ma’lumot berildi.
2022-yil 2-iyul kuni soat 14:45 da Nukus tumanidan taxminan 300 nafar shaxs Nukus shahar tomon harakatlanib, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan, Nukus shahridagi blok postda xizmat olib borayotgan 50 nafar Milliy gvardiya xodimining maxsus vositalarini (ratsiya, dubinka, kaska, shovqinli granata, himoya qalqoni) qo‘lga kiritgan.
Shu kuni Xo‘jayli tumanidagi harbiy postga noma’lum shaxslar tomonidan hujum uyushtirilib, qurol-yaroq tortib olingan. Nukus xalqaro aeroportiga, Nukus shahridagi ma’muriy qamoqqa olingan shaxslar saqlanuvchi Reabilitatsiya markaziga, Nukus shahar IIB binosiga hujumlar uyushtirilgan.
Ommaviy tartibsizliklar davomida Nukus shahridagi «Las Vegas» kafesi yonida davlat raqami 40 L 340 QA bo‘lgan MAN rusumli yuk transport vositasi, «Eski shahar»dagi markaziy masjid oldida davlat raqami 01 267 UFA bo‘lgan «KamAZ» rusumli yuk transport vositasi, Shumanay tumanidagi «Ismoilov Jabbor-bergen» fermer xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan vagon yoqib yuborilgan.
Nukus shahar Sport kompleksi yonidagi «Do‘stlik» kanali ko‘prigiga, Nukus shahridagi ko‘plab bino-inshootlar va yo‘l to‘siqlariga ham ko‘plab talofotlar yetkazilgan.
Avvalroq, ommaviy tartibsizliklar oqibatida 243 nafar shaxsga, jumladan, 38 huquq-tartibot organlari xodimlariga turli tan jarohatlari yetkazilgan, og‘ir tan jarohatlari tufayli 18 nafar fuqaro vafot etgani xabar qilingandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter