O‘gay qiziga zulm o‘tkazgan ayolga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi
Ijtimoiy tarmoqlarda Sirdaryo viloyati Shirin shahar «Farhod» mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi 15 yoshli voyaga yetmagan qiz (maktab o‘quvchisi) X.A. ning o‘z o‘gay onasi tomonidan unga yomon munosabatda bo‘lib kelinayotganligi, ko‘p hollarda doimiy ruhiy bosim o‘tkazilib, yengil jarohatlar bilan kaltaklab kelayotganligi aytilgan videomurojaat tarqaldi.
Holat yuzasidan Shirin shahar hokimligi axborot xizmati munosabat bildirdi.
Ushbu holatga aloqador tarzda X.A ning buvisi R.M. Shirin shahar Ichki ishlar bo‘limiga ariza bilan murojaat qilgan va unda X.A. ning o‘gay onasi N.Z. uni o‘rib tan jarohati yetkazganligi, shu sababli o‘gay ona N.Z. ga nisbatan qonuniy chora ko‘rilishini so‘ragan. Ushbu murojaatga asosan, Shirin shahar IIB xodimlari tomonidan tergovga qadar tekshirish o‘tkazilib, voyaga yetmagan X.A. ga «sog‘liqning qisqa muddati buzilishiga sabab bo‘lmagan yengil shikast» yetkazganligi sababli O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 52-moddasi 2-qismi bilan Ma’muriy ishlar bo‘yicha Shirin shahar sudiga yuborilgan.
Sud tomonidan ishni ko‘rish vaqtiga kelib, voyaga yetmagan X.A. ko‘rsatmalarini o‘zgartirib, o‘gay onasi tomonidan muntazam ravishda qiynab va uyatsiz buzuq harakatlar qilganligini bayon etganligi sababli, mazkur murojaat yuzasidan to‘plangan hujjatlar Shirin shahar prokuraturasi tomonidan nazorat tartibida o‘rganib chiqilib, voyaga yetmagan X.A. va boshqa shaxslarning ko‘rsatmalarida qarama-qarshilik bo‘lganligi sababli ish holatiga aniqlik kiritish maqsadida holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 129-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlarini olib borish uchun Shirin shahar IIB huzuridagi Tergov guruhiga yuborilgan.
Hozirgi kunda qizning o‘gay onasi N.Z. ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 129-moddasi (O‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish) va 110-moddalari (Qiynash) bilan ayblov e’lon qilinib, tergov harakatlari yakunlanmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter