Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Nogiron qizni zo‘rlagan shaxs besh yilga hukm qilindi

Nogiron qizni zo‘rlagan shaxs besh yilga hukm qilindi

2022 yilda kar va soqov qizni zo‘rlagan shaxs besh yilga qamaldi. 

«22 yoshli kar va soqov qizning og‘iz-qo‘llarini skotchlab, uni zo‘rlagan shaxs bundan oldin ham turli jinoyatlari uchun 9 marta sudlangan. U 2000 yilda ham xuddi shu ayb bilan qamalgan. 2002 yilda Jinoyat kodeksining 169-moddasi (O‘g‘rilik) 3-qismi «a» bandi bilan ayblangan. Tayinlangan 6 yil qamoq jazosining 4 yilini o‘tab, amnistiyaga tushgan.

Biroq, 2006 yilda qamoqdan chiqib, oradan bir necha oy o‘tmay, Jinoyat kodeksining 226-moddasi (ma’muriy nazorat qoidalarini buzish) 1-qismi bilan aybli, deb topilgan. 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan. Jismonan ojiza bo‘lgan kar va soqov qizni urib, qiynab, unga zo‘rlik ishlatib, og‘iz va qo‘llarini skotch bilan bog‘lab, uning nomusiga tekkan 41 yoshli shaxs sud hukmi bilan 5 yilga ozodlikdan mahrum qilingan»,-dedi «Xabar.uz»ga jinoyat ishlari bo‘yicha G‘ijduvon tuman sudi raisi Bobur Umarov.

Voqeaga ko‘ra, g‘ijduvonlik fuqaro M.F. tuman markazidagi «Bek» oshxonasida tushlik qilgan. Unga oshxona oshpazi H.A.ning kar va soqov jiyani D.Y. (2000 yilda tug‘ilgan) xizmat ko‘rsatgan. U mijoz sifatida oshxonaga kirgan M.F.dan boshqa mijozlar qatori nimalar tanovvul qilishini imo-ishoralar orqali so‘ragan. M.F. ovqatlangan va oshxonadan chiqib ketgan. Shunga qaramasdan, u oshxona atrofida aylanib yurgan va ketmagan bo‘lgan.

Oradan 3-4 soatlarcha chamasi o‘tgach, namozgar paytda qiz uyiga ketish uchun yo‘lga chiqqan va uyida taksida ketish uchun qo‘l ko‘targan. Bu paytda esa M.F. qizning yo‘lini to‘sib, uning qayoqqa ketayotganini so‘ragan.

Qiz imo-ishoralar orqali uyiga ketayotganini bildirgan. M.F. qizga go‘yoki yordam berish uchun uni taksi yollab, uyiga olib borib qo‘yishini tushuntirgan. Qiz ham unga mijoz sifatida unga ishongan va u bilan birga fuqaro F.Q.ga tegishli Matiz avtomashinasiga o‘tirgan. Ko‘p o‘tmay, avtomashinaning boshqa manzilga yelib borayotganidan bezovtalangan qiz uyi boshqa tomonda ekanini tushuntirishga uringan. M. esa taksini tumandagi «Gulistonobod» mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan Boyxotin qishlog‘idagi o‘zi yashaydigan xonadon darvozasi oldida to‘xtatgan. Qiz qo‘rqib, avtomashinadan tushmasligini imo-ishora va turli tovushlar orqali bildirishga uringan. Harakatlari bilan qarshilik ko‘rsatgan. Haydovchi o‘ziga avvaldan notanish bo‘lgan erkakdan qizning nima deyayotganini so‘ragan. M.F. esa haydovchiga bu ishga aralashmasligini, yolg‘ondan u jiyani ekanini aytgan.

Haydovchi ketgan. Erkak kuch ishlatib, qizni o‘zi yashaydigan hovliga sudrab olib kirgan. Uning og‘zini skotch va yostiq bilan yopib, qo‘lini ham qayirib, skotch bilan o‘rab, qiynagan. Na gapira oladigan va na eshita oladigan ikkinchi guruh nogironi bo‘lgan qizning nomusiga shafqatsizlarcha tekkan. Va M.F. mast holatda bo‘lgani uchun gandiraklab qolgan vaqtda abgor holatdagi qiz ko‘chaga baqirib, yig‘lab, qochib chiqqan.

«Xuddi shu vaqtda qizni uning qo‘shnisi bo‘lgan bir o‘smir yigit velosiped bilan o‘tib ketayotganda ko‘rib qolgan. U qizdan hol so‘ragan. Qiz unga yig‘lab, unga bir erkakning zo‘ravonlik qilganini, buni zudlik bilan uyidagilariga borib bildirishini tushuntirgan. Shu vaqtda erkak yana paydo bo‘lib qolgan va o‘smirga bosim o‘tkazgan: «Agar sen meni sotib, biror kishiga bu qizni bu yerda ko‘rganingni aytsang, seni G‘ijduvonda yurishga qo‘ymayman, tanish o‘rtoqlarimga aytib, seni yo‘qottirib yuboraman», deya qo‘rqitgan»,-deydi sud raisi.

O‘smir yigit chaqqonlik qilib, shu atrofdagi qo‘ni-qo‘shnilarni yordamga chaqirgan. Odamlar yugurib yetib kelishgan va yaqinlari kelgunga qadar kar va soqov qizga g‘amxo‘rlik ko‘rsatishgan.

«Sud-tergov ishlari davomida M.F.ning uch marotaba uylangani va ayni voqea sodir bo‘lgan vaqtda uning uchinchi xotini N.J. Toshkent shahriga davolanish uchun ketgani ayon bo‘ldi. Holat yuzasidan jinoyat ishi ochilgan. Sudlanuvchi 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. U ayni paytda muddatni og‘ir tartibli koloniyalarda o‘tamoqda»,-dedi Bobur Umarov.

Laylo Hayitova

 

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring