Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Navoiyda «Tez yordam» xodimi tahqirlandi. IIB jim?! (video)

Navoiyda «Tez yordam» xodimi tahqirlandi. IIB jim?! (video)

Skrinshot

Yana bir «Tez yordam» xodimi tahqirlandi. Voqelik Navoiy viloyatida bo‘lgani aytilmoqda.

Ixtiyorimizda kelib tushgan tasvirlardan shaxsi noma’lum fuqaro «Tez yordam»ni shunchaki ermak uchun chaqirganini taxmin qilish mumkin. Tibbiyot xodimlari yetib kelgach,  uy ichida ichki kiyimdagi (!) erkak avvaliga yotvolib, o‘zini «bemor»ga soladi. So‘ng o‘rnidan turib, tibbiyot xodimini kamsitib, ochiqdan ochiq tahqirlashga o‘tadi. Uning ustidan ochiqdan ochiq kulib, mazax ohangida «Man yotganimda nima yordam qilding?» deya qayta-qayta so‘raydi.

E’tiborlisi, shu  payt xonaga ikki nafar ichki ishlar xodimlari kirib keladi. «Bemor» ularga e’tiborsiz bir qarab qo‘yib, tibbiyot xodimini kalaka qilishda davom etadi. Uning ustidagi kurtkasini yechib, yelkasiga kuch bilan uradi! Shundagina «bemor»ning xatti-harakatlariga tomoshabin bo‘lib turgan ichki ishlar xodimlari ajratishga tushadi.

 Ayni shu nuqtada tasvir uziladi.

Bir necha daqiqalik tasvirda «Tez yordam» xodimlari kirgan xonada bir necha nafar erkaklar borligi, ular mast  ekanini ilg‘ash qiyin emas.

Manbamizga ko‘ra, voqelik 31-oktyabr kuni kech soat 18 lar atrofida Uchquduq tumanida sodir bo‘lgan. Tahqirga uchragan «Tez yordam» xodimi shu kuni tuman markaziy shifoxonasiga (sog‘ligi yomonlashgani uchun) murojaat qilgan. Uning murojaati soat 20:00 da  qayd qilib, IIB navbatchi qismiga xabar berilgan.

Shunga qaramay bugun, 1-noyabr kuni (soat 14.00 gacha  bo‘lgan holat) voqelik yuzasidan surishtiruv o‘tkazib, IIBning biror xodimi  jabrlanuvchi yoniga kelmagani aytiladi.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring