Metro qurilishidagi avariya yuzasidan Hukumat komissiyasi tuzildi. Qurbonlar borligi aytilmoqda
Hukumat farmoyishi bilan Toshkent metropoliteni Yunusobod yo‘nalishining qurilayotgan qismida sodir bo‘lgan hodisa sabablari va oqibatlarini o‘rganish va uni zudlik bilan bartaraf qilish bo‘yicha Hukumat komissiyasi tuzildi.
Yuzaga kelgan holatni bartaraf etish uchun O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar hokimligi va boshqa idoralarning kuch va vositalari safarbar qilingan.
Hukumat komissiyasi zimmasiga:
- sodir bo‘lgan hodisa sabablari va oqibatlarini joyida batafsil o‘rganish;
- zarur kuch va vositalarni jalb qilgan holda hodisa oqibatlari zudlik bilan bartaraf etilishini ta’minlash;
- hodisa oqibatida jabrlanganlar va ularning oila a’zolariga tibbiy, ijtimoiy va moddiy yordam ko‘rsatish;
- kelgysida shu kabi holatlarning oldini olish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni belgilash va ijrosini qat’iy nazoratga olish;
- kunlik amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib borish va o‘rganish natijalari yuzasidan tegishli xulosa tayyorlash va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziriga taqdim etish vazifasi yuklatilgan.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 18-dekabr kuni surunkali yog‘ingarchilik oqibatida Toshkent metropoliteni Yunusobod yo‘nalishining qurilayotgan qismida tuproq ko‘chishi sodir bo‘ldi.
Hodisa oqibatida jarohatlanganlar yo‘qligi, voqea guvohi bo‘lgan 1975-yil tug‘ilgan qashqadaryolik B.M. ushbu holatdan qattiq stressga tushgani xabari berilgandi.
Eng oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa natijasida uch nafar fuqaro halok bo‘lgani aytilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter