Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Litvada 1991-yil Vilnyusda yuz bergan voqealar haqidagi kitob noshirini sudga berishdi

Litvada 1991-yil Vilnyusda yuz bergan voqealar haqidagi kitob noshirini sudga berishdi

Foto: «Sputnik»

Vilnyusda yashovchi qariya rus jurnalisti Galina Sapojnikovaning 1991-yil 13-yanvarda Litvada sodir bo‘lgan voqealar haqidagi kitobini nashr ettirgani uchun sudlanadi, deya xabar beradi «Sputnik» Litva bosh prokuraturasi matbuot xizmatiga tayangan holda.

Aniqlanishicha, Vilnyus okrug prokuraturasi sudgacha bo‘lgan tergov-surishtiruv ishlarini yakunlagan. Gap shundaki, 78 yoshli fuqaro «SSSRning Litvaga nisbatan sodir etgan jinoyatlarini ma’qullashda» ayblanmoqda. Xabar qilinishicha, qariya kitobni nashr xarajatlarini o‘z hisobidan qoplagan.

Prokuror Tomas Uldukisning aytishicha, fuqaro kitobning litva tilidagi tarjimasini nashr etish bilan «undagi voqealarni ma’qullaydi, haqoratli harakatlarni tan oladi va 1990 — 1991-yillarda SSSR tomonidan Litva va uning xalqiga nisbatan sodir etilgan zo‘ravonliklarni qo‘llab-quvvatlaydi».

O‘tgan yilning fevral oyida «Politika» bosmaxonasi «Mūsų gairės» kompaniyasi qo‘l ostida «Komsomolskaya pravda» gazetasi siyosiy sharhlovchisi Galina Sapojnikovaning «Sotqinlikning bahosi» kitobining litva tiliga qilingan tarjimasini «Kim kimni sotdi?» nomi bilan nashrdan chiqargan edi. Kitob jami 530 nusxada chop etilgan bo‘lib, bir nechtasi kutubxonalarga, 100 tasi esa sotuvchilarga berilgan.

Prokurorlarning qayd etishicha, kitobda 1991-yili Litvada sodir bo‘lgan voqealar, jumladan, teleminora oldida qurolsiz odamlar qirg‘in qilingani, Myadininkay postidagi hodisalar sub’yektiv tarzda, noto‘g‘ri ma’lumotlar asosida yoritilgan.

Matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, Litva hukumati rasmiylari Sapojnikovaning mamlakatga kirishini taqiqlab qo‘yishgan. Jinoyatda ayblanayotgan Litva fuqarosiga jarima solinishi, qamoq, ozodlikni cheklash yoki ikki yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi qo‘llanishi mumkin.

Ish Vilnyus tuman sudida ko‘rib chiqiladi.

Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tamizki, 1990-yili Litva Oliy kengashi mamlakat mustaqilligini tiklash haqida qaror qabul qildi. SSSR hukumati esa bu qarorni konstitutsiyaga zid deb topdi. 1991 yilning yanvarida Litvada norozilik namoyishlari boshlandi. Shundan keyin respublikaga kiritilgan maxsus bo‘linmalar bir necha strategik pozitsiyalarni egallab oldi.

13-yanvar tunida Sovet armiyasining bronetexnikalardan iborat kolonnasi Vilnyus markaziga yo‘l oldi. Telemarkaz yaqinidagi to‘qnashuvlarda 14 kishi halok bo‘lgan, 600 dan ortiq kishi jarohatlangan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring