«Liftdagi jinoyat» — 21 yoshli ayolga tashlangan shaxs ushlandi
2022-yilning 7-fevral kuni soat 21:40 larda Toshkent shahri, Tuzel 2-dahasi 12V-uyda yashovchi 21 yoshli X.M. o‘zi istiqomat qilayotgan uyining yaqinida joylashgan oziq-ovqat do‘konidan ro‘zg‘orga zarur bo‘lgan mahsulotlarni xarid qilib qaytayotgandi.
U yashash xonadoniga chiqish uchun, uyning liftiga kirib, 7-qavat raqamini bosgan vaqtida, uning ortidan noma’lum bo‘lgan shaxs kirib keladi va yonida bo‘lgan pichoq bilan qo‘rqitib, qo‘lida bo‘lgan bahosi 3.500.000 so‘m miqdoridagi 2 dona tilla uzuklarini kuch ishlatib yechib oladi.
Lift 7-qavatga kelib to‘xtaydi. Jabrlanuvchi baland ovozda fuqarolarni yordamga chaqirishni boshlaydi. Noma’lum shaxs liftdan chiqib, hodisa sodir bo‘lgan joydan yashirinadi.
Mazkur holat yuzasidan Yashnobod tumani bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan noma’lum shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 164-moddasi 2-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Olib borilgan tergov-tezkor harakatlari natijasida mazkur jinoyatni muqaddam sudlangan 49 yoshli A.A. sodir etganligi aniqlanib, jabrlanuvchiga tegishli bo‘lgan 2 dona tilla uzuk uning yonidan ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olinib, u protsessual tartibda ushlangan.
Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter