Kuchli zilziladan ogohlantirish tizimi qanday ishlaydi?
Fanlar akademiyasi Seysmologiya instituti tomonidan ishlab chiqilgan kuchli zilzilalar to‘g‘risida barvaqt xabardor qilish uslubiyoti asosida milliy tizim test rejimida ishga tushirildi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Favqulodda vaziyatlar vazirligi Seysmoprognostik monitoring Respublika markazi boshlig‘i Qahramon Qo‘chqorov ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, hozirgi kunda tizimning 1-bosqichi tugatilib test rejimida ishga tushirilgan. Ya’ni, 1-bosqich doirasida Fanlar akademiyasi Seysmologiya instituti tomonidan ishlab chiqilgan uslubiyot asosida yaratilgan kuchli zilzilalarni qayd etuvchi jami 9ta akselerometrlar Farg‘ona, Namangan, Andijon, Jizzax, Samarqand, Boysun, Nurota, Gazli, Pachkamar stansiyalariga o‘rnatildi.
Hozirda seysmik stansiyalarda akselerometrlar MSK-64 shkalasi bo‘yicha 5 va undan yuqori balli zilzila kuchi qayd etilganda:
- seysmik ma’lumotlar seysmik stansiyalardagi maxsus dasturlar orqali avtomatik tarzda tahlil qilinadi hamda zilzilaning Toshkent shahriga yetib kelish vaqti maxsus xabar keladi. Ushbu tizim hozirda sinov tariqasida ko‘rib chiqilmoqda. Shuningdek, ma’lumotlar aniqligi va xatoliklari tekshirilmoqda.
Bundan tashqari, hozirda Shveysariyaning Seysmologik xizmati (SED) hamda Favqulodda vaziyatlar vazirligi Seysmoprognostik monitoring respublika markazi o‘rtasida O‘zbekistonda erta ogohlantirish tizimini ishga tushirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Shuningdek, «Kuchli zilziladan ogohlantirish» mobil ilovasi ishlab chiqilgan. Zilziladan erta ogohlantirish tizimi to‘liq ishga tushirilib, ishlashi to‘liq tekshirilgandan so‘ng, mobil ilova orqali aholiga qisqa soniyalarda respublikaning aniqlangan hududlarida kuchli zilzila kuzatilishi to‘g‘risida tezkor xabarnoma yuboriladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter