Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kelinini do‘pposlayotgan vrach, bolaning chinqirig‘i, deputat talabi va IIB munosabati

Kelinini do‘pposlayotgan vrach, bolaning chinqirig‘i, deputat talabi va IIB munosabati

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda surxondaryolik qayna aka uy talashib kelinini urayotgani aks etgan.

«Bolaning chinqirig‘i yurakka qadalayotgan nayzaday. Mana shunday ifloslardan jinoiy javobgarlikdan tashqari bolaning psixikasiga yetgan ma’naviy zararni ham undirish kerak. Tegishli organlardan ushbu voqea bo‘yicha batafsil ma’lumot kutamiz», deb yozadi muallif.

Rasul Kusherbayev: Yo‘qolsin bunaqa erkaklar!

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev ham vaziyat bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini yozib qoldirdi.

Bugun ertalabdan surxondaryolik qandaydir o‘qimishli vrachning o‘z jiyanining ayoli va yosh bolalarni urib, uydan haydamoqchi bo‘lgan videosi ta’bimni xira qildi. Kun shu kayfiyatda boshlandi.

Bilmadim nima uchun, biroq erkak kishining ayolga qo‘l ko‘tarishini ko‘rish juda azobli. Va, afsuski, bunday hodisalar o‘tmishda qolib ketgani yo‘q, balki ayni kunlarda ham ko‘z o‘ngimizda sodir bo‘lyapti.

Videodagi holat bo‘yicha bugunoq Ichki ishlar vazirligining mas’ullariga chiqdim. Ularning bildirishicha, maxsus ishchi guruhi holatni o‘rganishni boshlabdi.

Internet tarmoqlarida tarqalayotgan videodagi holatdan kelib chiqib, huquqni muxofaza qilish idoralari quyidagi jihatlarga albatta huquqiy baho berishlari shart, deb hisoblayman:

Birinchidan, yoshi katta erkak (erkak nomiga nomunosib bo‘lsa ham) ayol kishini yosh bolalari ko‘z o‘ngida kaltaklab tan jarohati yetkazgani;

Ikkinchidan, erkak kishining yosh bolalarning qorin sohasiga tepib, ularni ko‘z o‘ngida bola psixologiyasiga salbiy ta’sir o‘tkazuvchi harakatlar sodir etgani;

Uchinchidan, o‘sha zo‘ravon shaxsning o‘z nomiga o‘tkazib olgan uy joy bo‘yicha mavjud hujjatlarning asosliligi. Bunda Uy joy kodeksiga asosan bolalari bilan birga shu uyda kelin sifatida yashab, uy joy qurgan ayolning mulkdor sifatidagi huquqlariga putur yetgan yoki yetmagani;

To‘rtinchidan, zo‘ravon erkakning o‘z jiyanining xotini va onasini fohishalikda oshkora ayblashida tuxmat va haqorat elementlarining mavjud yoki mavjud emasligi;

Beshinchidan, ushbu erkakdan muttasil kaltaklanib kelgan ayol va uning bolalari yordam so‘rab profilaktika inspektori va mahalla raisiga qilgan murojaatlari ular tomonidan rad etib kelinganligining asosliligi.

Prokuratura organlaridan ushbu voqea bo‘yicha batafsil ma’lumot va zo‘ravon erkakning harakatlari bo‘yicha ko‘rilgan choralar haqida axborot kutamiz.

Yo‘qolsin bunaqa erkaklar! — deydi depupat.

Tarqalgan videolar yuzasidan rasmiy munosabat

Surxondaryodagi ayolning kaltaklanish holati bo‘yicha IIB tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda. Bu haqda Surxondaryo viloyati IIB Axborot xizmati xabar berdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda «Surxondaryolik zo‘ravonni ko‘ring, buni kim tartibga oladi, puli ko‘pligidan quturgan boyni ko‘ring» mavzusida tarqalgan videolar yuzasidan rasmiy munosabat berildi.

Mazkur holat Denov tumani bo‘yicha IIO FMB mas’ul xodimlari tomonidan o‘rganilganida quyidagilar ma’lum bo‘ldi.

Denov tumani, «I.Turayev» SIU, «Buyuk ipak yo‘li» mahallasida yashovchi Q.S. 2021-yil 22-aprel kuni viloyat IIB 102 raqamiga qo‘shnisi X.G. urib tan jarohati yetkazganligi haqida murojaati va tuman markaziy shifoxonasining 25-apreldagi xabarnomasi navbatchilik qismida qayd etilib, bo‘lgan holat yuzasidan surishtiruv harakatlari tuman IIO FMB 2-son IIB tomonidan olib borilmoqda.

Fuqaro Q.S.ning murojaatlari yuzasidan sud-tibbiyot ekspertizasidan o‘tish to‘g‘risida qaror berilgan, fuqaroning olgan tan jarohati «yengil tan jarohati» toifasiga kiradi deb xulosa chiqarilgan.

Fuqaro Q.S.ning murojaatlari yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilayotganligi sababli yakuni bo‘yicha qo‘shimcha axborot berilishi haqida ma’lum qilamiz.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring