Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kanadadagi avtohalokat qurbonlari soni 15 nafarga yetdi

Kanadadagi avtohalokat qurbonlari soni 15 nafarga yetdi

Foto: «Nv.ua»

Kecha, 7-aprel kuni internet-OAVda Kanadada dahshatli avtohalokat ro‘y bergani haqida xabarlar berildi. Yoshlar ligasida ishtirok etuvchi xokkey klubi joylashgan avtobus va yuk mashinasi to‘qnashib ketishi oqibatida 14 kishi hayotdan ko‘z yumgani, 3 kishining ahvoli og‘ir ekanligi aytilgandi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, jarohatlanganlarning yana biri vafot etgan.

Avtobusda haydovchi bilan birga 29 kishi bo‘lgan. Politsiya qurbonlarning ism-familiyasini aytishga shoshmayapti. Ammo halokat shohidlari jamoa sardori hamda murabbiyi vafot etgani haqida xabar berishgan.

Halokatga harorat tushib ketishi natijasida trassaning muzlagani sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Mamlakat bosh vaziri Jastin Tryudo halokatdan jabr ko‘rgan oilalarga hamdardlik bildirdi.

Foto: «Nv.ua»

Avtobusda «Humboldt Bronkos» xokkey jamoasi bo‘lib, ular Nipavin shahriga, mahalliy «Hoks» jamoasiga qarshi beshinchi yarim final bahsini o‘tkazish uchun ketayotgan edi. Ikki kun oldin ular overtaymda 5:6 hisobida mag‘lub bo‘lishgan, keyingi o‘yinda mag‘lubiyat ularni «pley-off»dan chiqarib yuborishi mumkin edi. O‘yinga 16-21 yoshli 24 o‘yinchi yo‘l olgan edi.

«Humboldt Bronkos» xokkey klubi Saskachevan xokkey ligasi tashkil etilganidan buyon (1968-yil) unda ishtirok etib keladi. Ular bir necha bor, oxirgi marta 2012-yili chempionlik shohsupasiga ko‘tarilishgan. Turli yillarda «Humboldt Bronkos»da 1992-yilgi olimpiada sovrindori Kurt Jil, «Chikago» himoyachisi Sheldon Brukbenk, «Pittsburg» safida «Stenli kubogi»ning ikki karra sohibi bo‘lgan Kreyg Jennigslar faoliyat yuritgan.

«GoFundeme» saytida xayriya aksiyasi o‘tkazilib, bir kun ichida jabrlanganlarning oilalariga 2 million dollar mablag‘ yig‘ilgan. Okrugdagi mehmonxonalar jabrlanganlarga o‘z xizmatlarini bepul taklif etishmoqda. NXL klublari va dunyoning yuzlab xokkeychilari o‘z hamdardligini bildirishdi.

Kanadada avval ham shunga o‘xshash voqea sodir bo‘lgan. Humboldtdan to‘rt soatlik masofada 1986-yili avariya oqibatida xokkey jamoasining bir qismidan ajralgan Svift Karrent shahri joylashgan. O‘shanda jamoa avtobusi yo‘ldan chiqib ketib, ag‘nab ketgan va 100 metr nariga borib to‘xtagan. To‘rt kishi qurbon bo‘lgan. Ulardan biri Kanada terma jamoasi va «Buffalo»ning sobiq murabbiyi Lindi Raffning katta akasi bo‘lgan. Shuningdek, avtobusda keyinchalik NXLda yulduz darajasiga chiqqan 17 yoshli Jo Sakik ham bor edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring