Ikkita bank filialida imtiyozli kredit-mablag‘lari talon-toroj qilingani aniqlandi

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Chiroqchi tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, ATB «Qishloqqurilishbank» Ko‘kdala filiali mansabdor shaxslari 2019-yilda 119 nafar fuqarolar nomiga chiqarilgan 1,4 mlrd. so‘m imtiyozli kredit mablag‘larini hujjatlarni soxtalashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilganliklari aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Xuddi shunday, Departamentning Mirishkor tuman bo‘limi xodimlari ham xuddi shunday jinoyatni fosh qildi. Ya’nikim, AT «Agrobank» Mirishkor filialida boshqaruvchi lavozimida ishlagan R.J. va boshqalar soxta shartnomalar tuzishib, jami 52 nafar fuqarolarga ajratilgan 925,1 mlnso‘m imtiyozli kredit mablag‘larini talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Shu o‘rinda bir gap. Imtiyozli kreditlar ayrim bank xodimlarning chekiga tushgan «mahr» emas. Mablag‘lar munosib egalariga borib yetmas ekan, taraqqiyotga tushov tushaveradi. Bundan anglashiladiki, imtiyozli kreditlarni talon-taroj qilayotgan ba’zi bank xodimlarining qilmishi nainki muassasaning o‘ziga, balki aholining dasturxoniga ham ta’sir qiladi.
Masalaning og‘riqli nuqtasiyam shunda!
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter