Ikki farzandini cho‘ktirib yuborgan ayol qamoqqa olindi
Samarqand tumani «Jarqishloq» mahallasida yashovchi 26 yoshli ayol 3 nafar voyaga yetmagan farzandlarini Darg‘om kanaliga tashlaganligi haqida xabar berilgandi. Hodisa oqibatida ikki go‘dak halok bo‘lgan.
Viloyat prokuraturasi aniqlik kiritishicha, 2022 yil 1 noyabr kuni Samarqand tumani «Jarqishloq» mahallasida yashovchi 26 yoshli ayol A.Q. qaynonasi S.Q. bilan o‘rtalarida kelib chiqqan o‘zaro janjal oqibatida voyaga yetmagan 3 nafar farzandlari bilan birga yashash uyidan chiqib ketib, ota-onasining uyiga borgan.
Shundan so‘ng, 3 noyabr kuni A.Q. voyaga yetmagan qizini onasini uyidan, o‘g‘illarini maktabgacha ta’lim muassasasidan olib chiqib, Samarqand tumani «Yangiariq» mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi «Darg‘om» kanalining oldiga kelib, o‘zi va farzandlarini o‘ldirish maqsadida suvga tashlab yuborgan vaqtida «Oq-amur» nomli oshxonada yollanma ishchi bo‘lib ishlovchi fuqarolar tomonidan A.Q. hamda uning 2 nafar farzandi suvdan chiqarib olingan, biroq bir nafar bola voqea joyida vafot etgan.
Oradan 10 kun o‘tib, 13 noyabr kuni A.Q.ning yana bir voyaga yetmagan farzandi murdasi «Darg‘om» kanalining qirg‘og‘idan topilgan.
Mazkur holat yuzasidan A.Q.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi «v» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, unga nisbatan «qamoqqa olish» ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Holat yuzasidan viloyat IIB, viloyat Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi hamda viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasiga xizmat tekshiruvlari tayinlangan.
Hozirda jinoyat ishi yuzasidan Samarqand viloyati prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter