Hindistonda tutqunlikda qolgani aytilgan ayollar haqida rasmiy ma’lumot berildi
Ijtimoiy tarmoqlarda ayni paytda vaqtincha Dehli shahrida bo‘lib turgan bir guruh ayollar tomonidan qilingan murojaat videosi tarqaldi.
Holat yuzasidan O‘zbekistonning Hindistondagi elchixonasi rasmiy axborot berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 28 avgust kuni fuqaro D.Mahmudova va uning hamrohligida jami 7 nafar O‘zbekiston fuqarosi mamlakatimizning Hindistondagi elchixonasining konsullik bo‘limiga vatanga qaytarishda ko‘maklashishni so‘rab murojaat qilgan. Elchixona tomonidan mazkur fuqarolarga tezkor ravishda barcha tegishli konsullik-huquqiy yordami ko‘rsatilgan.
Xususan, ularning yashash joyi mavjud emasligi va moliyaviy og‘ir ahvolidan kelib chiqib, zudlik bilan Dehli shahrida Empowering Humanity nodavlat tashkiloti bilan hamkorlikda boshpana bilan ta’minib, ularga uch mahal issiq ovqat berib kelinmoqda. O‘z navbatida, murojaat qilgan fuqarolarning shaxsini tasdiqlovchi hujjati bo‘lmaganligi inobatga olinib, ularga Vatanga qaytish guvohnomasi rasmiylashtirilgan.
Qo‘shimcha qilinishicha, yuqorida qayd etilgan fuqarolar Hindiston huquqni muhofaza qiluvchi idoralari tomonidan Hindiston hududiga noqonuniy yo‘llar bilan kirib kelganliklari va ushbu mamlakatda bo‘lish qoidalarini buzganliklari aniqlangan. Shu bilan birgalikda, videomurojaat muallifi — D.Mahmudova va uning hamrohlari masalasida Hindiston huquqni muhofaza qiluvchi idoralari tomonidan tegishli tergov va sud jarayonlari davom etayotganligi sababli ularning ushbu davlat hududidan chiqishiga vaqtinchalik cheklov qo‘yilgan. Ushbu huquqiy jarayonlar yakunlangach, yuqoridagi fuqarolarning tezkor ravishda O‘zbekistonga qaytarilishi ta’minlanadi, deyiladi rasmiy xabarda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter