Shu vaqtgacha fanga noma’lum bo‘lgan mineral kashf etildi
Olimlar taxminan 220 yil oldin Kornuollda qazib olingan toshni tahlil qilib, yangi turdagi mineralni kashf etdilar. Qora yashil rangli mineral Angliya janubi-g‘arbidagi Kornuoll okrugidan olingani uchun «kernovit» deb nomlandi.
London Tabiat tarixi muzeyi (NHM-National History Museum) mineralogi Mayk Ramsey boshchiligidagi guruh «Wheal Gorland» konidan olingan toshni o‘rganish paytida ushbu mineralni aniqlashdi.
Asrlar davomida mineraloglar yashil kristallarni boshqa mineral — lirokonitning o‘zgarishi deb hisoblashgan, ammo janob Ramsey va uning jamoasi mineralning kimyoviy tarkibi boshqacha ekanligini aniqladilar.
Moviy lirokonit butun dunyo bo‘ylab kolleksionerlar tomonidan yuqori baholanadi va ularning aksariyati «Wheal Gorland» konidan olinadi.
Mineral 1964-yildan beri Londondagi Tabiat tarixi muzeyida bo‘lgan tosh namunasi ichidan topilgan.
Mayk Ramseyning aytishicha: «Ushbu turdagi kashfiyotlarning aksariyati bundan 100 yil oldin konlar hali ham faol bo‘lganida sodir bo‘lgan. Shu jihatdan Kornuolldan yangi mineral, xususan, mintaqaning eng taniqli minerallariga aloqadorligi bu juda ajoyib.
Asrlar davomida qanchadan-qancha geologlar, qidiruvchilar va kolleksionerlar mineral xazinani izlash uchun hududni aylanib chiqqanligini hisobga olsak, 2020 yilda biz ilm-fanga yangi mineralni qo‘shayotganimiz ajablanarli».
Ushbu yangi tavsif Xalqaro mineralogiya assotsiatsiyasi tomonidan ma’qullangan va yangi turi kelasi yil Mineralogiya jurnalida chop etiladi.
Janob Ramseyning ta’kidlashicha, lirokonitning aksariyati «Wheal Gorland»dan keladi: «Kon 1790-1909-yillarda ishlatilgan, ammo hozir buzib tashlangan. Unda uy-joy massivi bor va kondan hech narsa qolmagan. Bu yo‘q bo‘lib ketgan joy, biz hech qachon orqaga qaytolmaymiz».
Mineral qazib olingan hududda hozirda ko‘plab qurilishlar amalga oshirilgan.
«Bizda xuddi, kichik vaqt kapsulasi borga o‘xshaydi», — dedi janob Ramsey. — «Ushbu namunaning muzeyda saqlanganligi, biz bunday tadqiqotlar olib borishimiz mumkinligini anglatadi, chunki endi ortga qaytib, boshqa narsalarni to‘play olmaymiz».
Kristallarning tuzilishi lirokonit bilan bir xil, ammo kernovit tarkibida alyuminiy o‘rniga temir mavjud bo‘lib, u boshqacha rang hosil qiladi.
Xo‘sh, mineral o‘zi nima?
Mineral — bu geologik jarayonlar natijasida tabiiy ravishda paydo bo‘lgan kimyoviy moddadir.
Tog‘ jinsi — bu bir yoki bir nechta minerallardan birgalikda hosil bo‘lgan ob’yekt.
Ko‘pgina minerallar chiroyli kristallarni hosil qiladi, eng qimmatlari yorqin ranglar, shishaga o‘xshash shaffoflik va jozibali kristal shakllariga ega.
Olmos, zumrad va yoqut kabi qimmatbaho toshlar minerallari va ularning navlari qadimgi davrlardan beri ardoqlanib kelingan.
Tabiat tarixi muzeyining minerallar kolleksiyasi dunyodagi eng muhim va keng qamrovli kolleksiyalardan biri bo‘lib, unda 185000 ga yaqin namunalar mavjud.
Aytgancha, Angliyaning aynan shu qismida, dunyoda eng nufuzli, Buyuk Britaniyada esa yetakchi bo‘lgan Kamborne konchilar maktabi joylashgan.
Shohruh Boqijonov,
Pukyong milliy universiteti PhD talabasi,
Geo-ICT laboratoriyasi ilmiy xodimi
Puchon, Janubiy Koreya
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter