Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

DXX va IIV ikkita yashirin guruhni qo‘lga oldi

DXX va IIV ikkita yashirin guruhni qo‘lga oldi

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlarining Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda Toshkent shahri va Toshkent viloyati hududlarida o‘tkazgan tezkor tadbirlarida jami a’zolari 25 nafar bo‘lgan ikkita yashirin «jihodchilar» guruhini qo‘lga olgan.

Guruhlarning biri 2019-yilning may oyida tashkil etilib, unga yetakchilik qilgan shaxs o‘tgan yilning noyabr oyida Suriya davlatidagi «Tavhid va jihod katibasi» xalqaro terroristik tashkiloti safiga borib qo‘shilgan.

Ikkinchi guruh esa muqaddam ekstremizm va terrorizm bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etganligi uchun jazo muddatini o‘tab chiqqan fuqaro tomonidan tuzilgan.

Dastlabki surishtiruv jarayonlarida ma’lum bo‘lishicha, birinchi guruh a’zolarining aksariyati hozirda Suriyadagi jangarilar safida bo‘lgan o‘z yetakchisi bilan internet orqali muntazam ravishda aloqa qilib turgan.

Qayd etilishicha, o‘zaro yig‘inlarda guruhlar a’zolari diniy ekstremistik va terroristik tashkilotlar g‘oyaviy rahnamolarining, jumladan, «Abu Saloh», «Abdulloh Zufar», «Sodiq Samarqandiy»larning «hijrat» va «jihod» qilish to‘g‘risidagi audio-video ma’ruzalari hamda da’vatlarini tinglab, «Jihodchilar» oqimi g‘oyalarini o‘z atrofidagilarga targ‘ib qilib kelishgan.

1968-2002-yillar oralig‘ida tug‘ilgan mazkur shaxslarning 3 nafari avval ekstremizm va terrorizm bilan bog‘liq jinoyatlar sodir etganliklari uchun javobgarlikka tortilgan.

Ta’kidlanishicha, mazkur guruhlar a’zolari orasida xususiy nashriyot rahbari, tibbiyot xodimi, arab tili kursi o‘qituvchisi, umumiy ovqatlanish muassasalari ishchilari va tijorat ishlari bilan shug‘ullanuvchi shaxslar bor.

Har ikki guruh a’zolarining yashash manzillarida o‘tkazilgan tintuv tadbirlari davomida 200 dan ortiq norasmiy diniy adabiyotlar va varaqalar, shuningdek, kompyuter, noutbuk, planshet, mobil telefon, flesh-karta va DVD disklar borligi aniqlanib, ularda saqlanayotgan ma’lumotlarni ekspertizadan o‘tkazish uchun protsessual tarzda rasmiylashtirilib olindi.

Hozirda Jinoyat Kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring