Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

DXX afg‘onistonlik narkokurerni qo‘lga oldi

DXX afg‘onistonlik narkokurerni qo‘lga oldi

Davlat xavfsizlik xizmatining Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi tomonidan giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish doirasida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, bir guruh og‘ufurushlar faoliyatiga chek qo‘yildi.

Xususan, narkotik moddalar savdosi bilan shug‘ullanib kelgan, Qorako‘l tumanida yashovchi, 1983 y.t. fuqaro ko‘p miqdordagi giyohvandlik vositasini sotmoqchi ekanligi to‘g‘risida ma’lumotlar olinib, tezkor tadbir rejasi ishlab chiqildi va narkosavdogar kuzatuvga olindi.

Qorako‘l tumani Tayqir MFY hududidan o‘tuvchi yo‘l yoqasida u 1 kg. 681 gr. «opiy» moddasini 1959 y.t., muqaddam sudlangan shaxsga 9.100 AQSh dollariga sotgan vaqtida, ularning har ikkisi ham qo‘lga olindi.

Shuningdek, dastlabki surishtiruv harakatlari davomida, og‘ufurush kelgusida sotish maqsadida yashash xonadonining tomorqasiga 1 kg. 68 gr. «opiy» moddasini yashirib qo‘yganligi ma’lum bo‘lib, u ham xolislar ishtirokida protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.


O‘z navbatida, musodara etilgan giyohvandlik vositalari afg‘onistonlik narkokurerlar tomonidan keltirilganligi to‘g‘risida ma’lumotlar olinib, Xizmat xodimlari hamda viloyat bojxona va ichki ishlar boshqarmalari xodimlari hamkorligida tezkor tadbirning ikkinchi bosqichi amalga oshirildi.

Natijada, 1971 yil Afg‘onistonning Balx viloyatida tug‘ilgan Afg‘oniston fuqarosi 940 gr. «opiy» moddasini Buxoro shahriga olib kelib, 2.500 AQSh dollariga sotgan vaqtida qo‘lga olindi.

Ta’kidlash lozimki, ushbu giyohvandlik vositasi boshqa afg‘on narkokur’yerlari tomonidan bojxona nazoratidan yashirib, mamlakatimiz hududiga olib o‘tilgan.

O‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida jami 3 kg. 689 gr. «opiy» moddasi musodara qilindi.

Hozirda Davlat xavfsizlik xizmatining Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi Tergov bo‘limi tomonidan har uchchala fuqaroga nisbatan Jinoyat Kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring